O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi: 2018 yilning eng muhim voqealari

2019-01-05 | Siyosat

2018 yilda Tashqi ishlar vazirligi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy maqsadi hisoblanmish mamlakatning izchil va barqaror rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish, iqtisodiyotni isloh qilish va modernizatsiyalash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, xavfsizlik, tinchlik va va jamiyatda hamjihatlikni taʼminlashga muvofiq faoliyatini davom ettirdi.

1. TIVning salohiyatini va muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish

2018 yilning 11 yanvarida davlat rahbari raisligida Oʻzbekiston diplomatik xodimlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

TIV va diplomatik vakolatxonalar faoliyati tanqidiy tahlil qilindi hamda aniq vazifalar belgilab berildi. Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirishga asosiy urgʻu berildi: mamlakat iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni, yangi texnologiyalarni va investitsion dasturlarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, chet ellik turistlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha ishlarni kuchaytirish.

5 aprelda Prezident tomonidan “Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” farmon va “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora tadbirlari toʻgʻrisidagi” qaror qabul qilinib, ularda TIV va uning chet ellardagi vakolatxonalari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari aniqlab berildi, Vazirlikning yangi tuzilmasi tasdiqlandi.

Vazirlik tarkibida Tashqi iqtisodiy hamkorlik bosh boshqarmasi (toʻrtta boshqarmadan iborat), Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar boʻlimi, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi tashkil etildi. “Jahon” AA negizida “Dunyo” axborot agentligi va Media markazi tashkil etilmoqda.

Tashqi siyosiy faoliyatni yanada faollashtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarda yangi diplomatik vakolatxonalar ochildi va mavjudlari kengaytirildi.

2. Oʻzbekiston Prezidentining xalqaro uchrashuvlari

Davlat rahbarlari darajasida 21 ta tashrif, shu jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijiy mamlakatlarga 13 ta tashrifi amalga oshirildi. Oʻzbekistonga 8 ta davlat rahbarlari (Afgʻoniston, Belarus, Misr, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston) tashrif buyurishdi. 30 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilib, 180 ta ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolandi.

3. Davlat rahbarining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirish

Oʻzbekiston rahbari tomonidan BMT, MDH, SHHT, IHT va boshqa nufuzli forumlar doirasida ilgari surilgan 10 ta muhim xalqaro tashabbus toʻliq amalga oshirildi.

BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” (22 iyun) va “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” (12 dekabr) nomli rezolyutsiyalari qabul qilindi, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi Maslahatlashuv uchrashuvi boʻlib oʻtdi (Ostona shahri, 15 mart, keyingisi 2019 yil aprelda Toshkent shahrida oʻtkaziladi). Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasining oʻtkazilishi va Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surgan Afgʻoniston mojarosini hal etish va uni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb qilish boʻyicha takliflari keng miqyosda xalqaro eʼtirofga sazovor boʻldi.

4. Yaqin qoʻshnilarga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosat olib borish

Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi – yaqin qoʻshnilarga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosat olib borish, Markaziy Osiyodagi muammolarni tenglik, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish va oqilona kelishuv asosida hal etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.

Mintaqaning barcha davlatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga (9-10 mart) va Tojikiston Prezidentining Oʻzbekistonga (17-18 avgust) davlat tashriflari yakuniga koʻra strategik ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi: Doʻstlik va ahil qoʻshnichilikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonot va Oʻzbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnoma, shuningdek boshqa ikki tomonlama kelishuvlar toʻplami.

Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi (23-24 aprel) chogʻida 2017 yilda imzolangan Ikki davlat oʻrtasidagi strategik sherikchilik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi hamda Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlariga yuk tashish hajmini koʻpaytirish uchun ikki mamlakat tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanishga kelishib olindi.

Umuman olganda, bugun kunda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlaridan oʻtish va chegara oldi hududlarda savdoni rivojlantirish kabi juda murakkab masalalarga yechim topish uchun mutlaqo yangi, konstruktiv siyosiy muhit va qulay sharoitlar yaratildi.

Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan Davlat chegarasida 64 ta oʻtish punktlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Chegara bilan bogʻliq muammolarning hal qilinishi natijasida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalari sezilarli darajada faollashdi. Ular bilan savdo aylanmasi oʻsishi 9 oy davomida oʻrtacha 50 foizdan koʻproqni tashkil qildi.

5. Xorijiy mamlakatlar bilan barqaror, ishonchli va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish

Rossiya, AQSH, Xitoy, Fransiya va YIning boshqa davlatlari, Turkiya, Belarus, Misr, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yaqin Sharqning asosiy davlatlari bilan strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarildi.

Shuningdek, hukumat, vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari darajasida 360 ta tashrif boʻlib oʻtdi. Hukumatlararo qoʻshma komissiyalarining 17 ta yigʻilishi, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 25 ta va xavfsizlik masalalari boʻyicha 34 ta maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

6. Iqtisodiy diplomatiya

Bir qator xorijdagi muassasalarning shtatlar jadvaliga tashqi iqtisodiy masalalar boʻyicha 14 ta yangi lavozim kiritildi.

2018 yilning 11 oyi davomida mahalliy tovarlar va xizmatlar eksporti 11,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 2018 yilda 2,7 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.

2018 yilning 11 oyi davomida Oʻzbekistonga 4 millionga yaqin xorijiy fuqaro tashrif buyurdi (2017 yilga nisbatan 107 foizga koʻp).

Oʻzbekistonning xorijdagi har bir diplomatik va konsullik muassasalari mamlakatimizning muayyan hududlarga biriktirilgan.

2018 yil fevralidan boshlab diplomatik missiyalar rahbarlari biriktirilgan hududlarga muntazam ravishda tashrif buyurmoqdalar. Uchrashuvlar natijasida viloyat hokimliklari bilan hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritalari” qabul qilindi.

Mintaqalararo hamkorlik doirasida 171 ta tadbir tashkil qilindi.

Mahalliy hokimiyat organlariga xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilishda yordam berish maqsadida Tashqi ishlar vazirligining hududiy boʻlinmalari tashkil etilmoqda. Hozirda Buxoro, Urganch, Samarqand, Nukus va Termiz shaharlarida vazirlik boʻlinmalari faoliyat olib bormoqda.

7. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash

Noyabr oyida Oʻzbekiston Xalqaro migratsiya tashkilotining toʻlaqonli aʼzosiga aylandi, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. 23-24 noyabr kunlari Samarqandda Inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullanuvchi deyarli barcha nufuzli xalqaro tashkilotlar ishtirokida boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha birinchi Osiyo forumi xalqaro maydonda katta ijobiy qiziqish uygʻotdi.

Oʻzbekiston nomzodini BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga olgʻa surish toʻgʻrisidagi qaror xalqaro hamkorlar, jumladan MDH, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqalar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

8. Vatandoshlar bilan hamkorlik

Sankt-Peterburg, Olma-Ota, Yekaterinburg, Qozon va Vladivostok shaharlarida bosh konsulxonalar ochildi. Rostov-Don (Rossiya), Oqtov (Qozogʻiston), Guanchjou (Xitoy) va Oʻsh (Qirgʻiziston) shaharlarida Bosh konsulxonalar ochilishi rejalashtirilmoqda. Oʻzbekistonning chet ellardagi fuqarolariga, jumladan xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyati bilan shugʻullanadigan shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha Oʻzbekiston konsullik muassasalari faoliyati kuchaytirildi.

19 oktyabrda Mehnat sharoitlari va uni muhofaza qilish, Rossiya hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish boʻyicha ijtimoiy-mehnat sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytiruvchi Oʻzbekiston-Rossiya memorandumi imzolandi.

25 oktyabrda davlat rahbarining qarori bilan tasdiqlangan “Xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosati konsepsiyasi” va 2018-2021 yillarga moʻljallangan tegishli “Yoʻl xaritasi” loyihalari ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Chet elda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan interaktiv muloqot mexanizmi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. 160 dan ortiq tadbirlar – videokonferensiyalar, brifinglar, prezentatsiyalar va vatandoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

9 oy davomida xorijdagi konsullik muassasalar tomonidan 282 470 ta konsullik harakatlari amalga oshirildi, jumladan 26 673 ta Oʻzbekistonga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirildi va chet el fuqarolariga 203 643 ta viza berildi.

Поделиться