O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining dasturlari boʻyicha kadrlarni oʻqitishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora
2019-01-05 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xorijdagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar va boshqa tashkilotlarda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy soha, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot ustuvor tarmoqlarining yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha 2019 yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi dasturlariga muvofiq kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish uchun nomzodlarni tanlov asosida saralab olish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish uchun nomzodlarni tanlov asosida saralab olish vazirliklar va idoralarning maqsadli buyurtmalari asosida Jamgʻarma mablagʻlari (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma stipendiyalari) hisobidan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:
taʼlim;
fan va ilmiy tadqiqotlar;
sogʻliqni saqlash;
davlat boshqaruvi;
iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari.
3. 2019-2021 yillarda Jamgʻarma stipendiyalari hisobidan kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish dasturlari boʻyicha oʻqishga yuboriladigan kadrlarning prognoz miqdori 3-ilovaga muvofiq 4 000 oʻrindan kam boʻlmagan miqdorda, Jamgʻarma stipendiyalariga ajratilgan umumiy oʻrinlarning 20 foizidan kam boʻlmagan miqdorini magistratura va doktoranturada oʻqish uchun ajratilishi maʼqullansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) vazirliklar va idoralar har yili 1 avgustga qadar:
Jamgʻarma dasturlari boʻyicha xorijdagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar va boshqa tashkilotlarda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishga buyurtmalar portfelini shakllantiradi;
kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishning ustuvor yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha takliflarni Jamgʻarmaga kiritadi, shuningdek, eng yaxshi tayyorlangan nomzodlarni Jamgʻarmaning tanlovida ishtirok etishlari uchun tavsiya qiladi;
b) Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi:
Jamgʻarma stipendiyalarini olish uchun yoʻnalishlar boʻyicha nomzodlarni tanlov asosida saralab olish yuzasidan kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishning ustuvor mutaxassisliklarini tasdiqlaydi;
nomzodlarni tanlov asosida saralab olishning tegishli darajasi va sifatini taʼminlash maqsadida tanlov yoʻnalishlari boʻyicha ajratilgan oʻrinlarni qayta taqsimlash boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
5. Jamgʻarmaning Vasiylik kengashiga:
koʻzda tutilgan limitlar doirasida Jamgʻarma stipendiyalari yoʻnalishlari boʻyicha oʻrnatilgan tartibda qoʻshimcha tanlovlarni eʼlon qilishga;
alohida vazirlik va idoralar xodimlari kasbiy faoliyatining zarurati hamda oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqqan holda Jamgʻarma stipendiyalariga nomzodlarni tanlov asosida saralab olish yoʻnalishlariga oʻzgartirishlar kiritishga;
xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingiga koʻra jahondagi eng yaxshi 500 talik yoki tanlangan fan yoʻnalishi boʻyicha eng yaxshi 200 talik roʻyxatiga kirgan xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarning magistraturasi yoki doktoranturasiga mustaqil tarzda kirgan va taʼlim olayotgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga Jamgʻarma stipendiyalarini ajratish boʻyicha qarorlar qabul qilishga;
Jamgʻarma xarajatlari parametrlarida xorijiy hamda mahalliy taʼlim va ilmiy muassasalari bilan birgalikda tashkil etiladigan taʼlim va tadqiqot loyihalarini, shu jumladan, Jamgʻarma stipendiyalariga nomzodlarni xorijiy tillarga oʻqitish dasturlarini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni koʻzda tutishga ruxsat berilsin.
6. Vazirlik va idoralar ikki hafta muddatda 2019 yil uchun ajratilgan oʻrinlardan kelib chiqib, xorijda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishning ustuvor yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha asoslangan takliflarni Jamgʻarmaga taqdim etsin.
Jamgʻarma Vasiylik kengashi ikki oy muddatda Bir nomzodga ajratiladigan Jamgʻarma stipendiyasining chegaraviy oʻlchami va moliyalashtirish tartibini belgilash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Jamgʻarma, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 martiga qadar Jamgʻarma stipendiyalarini olishga nomzodlarni, ayniqsa, respublika hududlarida xorijiy tillarga oʻqitishning maxsus dasturlarini ishlab chiqsin;
2019 yilning 1 aprelidan boshlab Jamgʻarma stipendiyalarini olishga nomzodlarni xorijiy tillarga (ingliz, nemis, fransuz va boshqalar) oʻqitish maxsus dasturlari asosida maqsadli kurslarni tashkil etish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 sentyabrdagi PF-5545-son Farmonida koʻzda tutilgan manbalar bilan bir qatorda Jamgʻarmaning xorijda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish qismi boʻyicha xarajatlarini moliyalashtirishning qoʻshimcha manbasi etib belgilansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi:
2019 yilda Jamgʻarma dasturlari boʻyicha xorijda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishni moliyalashtirish uchun 3 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratsin;
Jamgʻarmaning asoslangan talabnomalari boʻyicha xorijda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish xarajatlarini moliyalashtirishni taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tuziladigan investitsion bitimlarga investorlarning investitsiyalari obyekti boʻlgan tashkilotlar uchun xorijda kadrlarni (mutaxassislarni), shu jumladan, Jamgʻarmaning taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish yoʻli bilan tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishni moliyalashtirish boʻyicha majburiyatlari kiritilishini amaliyotga tatbiq etsin;
Jamgʻarma hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Jamgʻarma dasturlari doirasida xorijda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlarining uzoq muddatli grant mablagʻlarini jalb etish masalasini ishlab chiqsin va natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflarni kiritsin.
11. Jamgʻarma xorijda taʼlim oladigan stipendiatlarning dastlabki miqdorini aniqlab, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha aniq takliflarni bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan birgalikda Jamgʻarmaga quyidagi masalalar yuzasidan koʻmak berilishini taʼminlasin:
xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqa oʻrnatish hamda ularni kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish;
respublika mutaxassislarini xorijdagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar va boshqa tashkilotlarda tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishga yuborish;
hamkorlar izlash hamda Jamgʻarma stipendiatlarini oʻqitish uchun xorijiy mamlakatlar yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida tegishli bitimlarni tuzish;
bir yilda kamida ikki marta Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari ishtirokida Jamgʻarma dasturlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishni tashkillashtirish masalalarini muhokama qilish uchun videoselektor yigʻilishini oʻtkazish.
13. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Jamgʻarmaga:
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni amalga oshirishga yetakchi xorijiy ekspertlar, shu jumladan, chet elda yashaydigan vatandoshlarni jalb etish hamda ularning salohiyatidan foydalanish masalalarini ishlab chiqish uchun iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari boʻyicha talab etiladigan mutaxassisliklar roʻyxatini;
ilgari tegishli vazirliklar va idoralarning markaziy apparatlari va tarkibiy boʻlinmalarida ishlagan, hozirda chet elga chiqib ketgan yuqori malakali mutaxassislar roʻyxatini kiritsin.
14. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi hamda Oʻzbekiston matbuot
va axborot agentligiga Jamgʻarma tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
15. Jamgʻarma manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.