O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Dolzarb masalalar muhokamasi

2019-01-04 | Jamiyat

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdagi qirq sakkizinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Deputatlar dastlab viloyatning 2018-yilgi byudjeti ijrosi hamda 2019-yilgi mahalliy byudjeti parametrlari toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilishdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Navoiy viloyatining 2019 yilga moʻljallanayotgan mahalliy byudjet parametrlarini qabul qilindi. 2018-yilda mahalliy byudjetning daromad qismi 1 trillion 188,1 milliard soʻmga, xarajat qismi 1 trillion 538,9 milliard soʻmga ijro etilgani taʼkidlandi. Moliya bosh boshqarmasi va boshqa mutasaddilarga mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish topshirildi.

Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha hududiy komissiya faoliyati hududiy komissiya raisi N.Togʻayevaning axboroti tinglandi. Bu borada olib borilgan ishlar talab darajasida emasligi qayd etilib, mahalliy boshqaruv va huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlariga fuqarolarni, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, oʻquvchi va talabalarni majburiy mehnatga hamda hududlarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xoʻjalik ishlariga, metall chiqindilari va makulatura yigʻishga jalb qilish holatlarining oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrish lozimligi taʼkidlandi. Bu kabi holatlarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy intizomiy chora qoʻllanishini, korxona va tashkilotlarda xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini aks ettiruvchi targʻibot vositalari hamda burchaklar tashkil etilishini taʼminlash vazifasi yuklandi.

Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan 14 ta konvensiyasida belgilangan talablar bajarilishi boʻyicha soha xodimlari bilan oʻquv-seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazish, yangi tashkil etilayotgan korxona va muassasalarda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, sanitariya-gigiyena talablariga muvofiq mehnat xavfsizligi, fuqarolarning mehnatga boʻlgan huquqlarini taʼminlash, mavsumiy dala ishlari (ipak qurtini yetishtirish, poliz ekinlarini terish, gʻalla yigʻish, paxta yigʻim-terimi va hokazolar)ga jalb etmaslik boʻyicha monitoring olib borish xususida qaror qabul qilindi.

Navoiy shahri va Qiziltepa tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ishchi guruhi shtab vakili M. Hamidov maʼlumot berdi. Taʼkidlanishicha, viloyat markazida aniqlangan 2 ming 645 ta muammoning 2 ming 26 tasi, qiziltepadagi 3 ming 221 ta muammoning 2 ming 851 tasi joyida hal etildi. Qolgan masalalarni hal qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan sektorlar rahbarlari va masʼullarga koʻrsatma berildi.

2018 yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining ijrosi hamda 2019 yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida bandlik bosh boshqarmasi rahbari E. Avezovning hisoboti muhokamasida soʻz olgan deputatlar ishlamay turgan kichik korxonalar faoliyatini tiklash, kredit resurslari hajmini, xususan, qishloq joylarida xizmat koʻrsatish, servis obyektlarini ishga tushirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va xizmatlar sohasini rivojlantirish, ularga qulay shart-sharoit yaratib berish evaziga ish oʻrinlari yaratish boʻyicha takliflar bildirishdi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 19-dekabrda eʼlon qilingan “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi toʻgʻrisida madaniyat boshqarmasi boshligʻi N. Niyozovning axboroti tinglandi. Obyektlar muhofazasi, inventarizasiyasi, rekonstruksiyasi, boy tariximizning yosh avlod orasida keng targʻiboti kaba masalalar boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining xalq deputatlari viloyat kengashidagi deputatlik guruhi rahbari Yu. Malikov viloyatda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholining salomatligi, sanitariya va epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan axborot berdi. Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida atrof-muhitni asrab-avaylash, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy va ekologik madaniyatni oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fuqarolar tomonidan atrof-muhitni asrab-avaylashga qaratilgan huquqiy meʼyorlar mustahkamlangan. Ammo tahlillar shuni koʻrsatdiki, tabiiy muhitga zararli moddalar, jumladan, maishiy chiqindilar chiqarish, belgilanmagan joylarga joylashtirish, oqova suvlariga oqizish oqibatida joriy yilda 11 nafar yuridik, 311 nafar jismoniy shaxslarga nisbatan chora qoʻllashga toʻgʻri keldi. Ulardan 115 million 845 ming soʻm miqdorida jarima undirildi. Yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, aholi orasida “Ekologik madaniyat” targʻiboti hamda sohada nazoratni kuchaytirish, oila va mahallalar oʻrtasida obodonchilik borasida turli tanlovlar uyushtirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

Respublikamiz Prezidentining Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillari bilan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi boʻlishi kerak” nomli maʼruzasi mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotida tarixiy ahamiyatga ega hodisa boʻldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida barcha darajadagi vakillik organlarining roli va taʼsirini oshirish, mahalliy ijroiya organlarining xalq deputatlari hududiy Kengashlarida hisobot va axborot berish tartibi yoʻlga qoʻyilib, ular faoliyati ustidan taʼsirchan deputatlik va xalq nazorati yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayni paytda viloyatimizda siyosiy partiyalar va xalq deputatlari kengashi faoliyatining tahlili ular tomonidan hududda mavjud muammolarni hal etish boʻyicha qonunchilikda belgilangan vakolat va imkoniyatlardan toʻliq foydalanmayotganligini, hanuzgacha aholi hayotida, fuqarolar ongida mustahkam oʻrnini egallay olmaganligini koʻrsatyapti. Ularning ish uslubini tubdan oʻzgartirishni, aholi bilan doimiy muloqotini va taʼsirchan deputatlik nazoratini samarali yoʻlga qoʻyishni bugungi hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Prezidentimiz maʼruzasida koʻtarilgan masalalardan kelib chiqib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va siyosiy partiyalarning hududiy tashkilotlari faoliyatidagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqish boʻyicha tegishli rahbarlarga koʻrsatma berildi.

Shuningdek, deputatlar Kengash, uning doimiy komissiyalarining 2018-yildagi faoliyatini va boshqa masalalarni ham muhokama qildilar. Kengashining 2019-yilga moʻljallangan ish rejasi tasdiqlandi. Sessiyada muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Olim JALILOV,

“Doʻstlik bayrogʻi” muxbiri.

Поделиться