Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor samarasida oʻzbek farzandlari isteʼdodli, azmu shijoatda tengsiz avlod boʻlib voyaga yetmoqda. Bu dunyoning turli mintaqalarida boʻlib oʻtayotgan nufuzli musobaqalarda Oʻzbekiston sportchilarining yuksak gʻalabalarni qoʻlga kiritib, davlatimiz bayrogʻini baland koʻtarayotganida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
2018 yil ham sportchilarimiz uchun gʻalabali onlarga boy boʻldi. Respublika taqvim rejasiga muvofiq, joriy yilgi sport mavsumida mamlakat miqyosida 500 ga yaqin musobaqa va 52 oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkazildi. 205 nufuzli xalqaro musobaqalarga (jahon, Osiyo chempionatlari, kuboklari, xalqaro turnirlar) 1804 nafar sportchi yuborildi. Ular keskin va murosasiz oʻtgan bahslarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, 520 oltin, 544 kumush va 588 bronza, jami 1652 medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, 14 xalqaro oʻquv-yigʻini hamda 3 ilmiy-amaliy konferensiya va kongressda yurtimiz sportchilarining ishtiroki taʼminlandi.
Jumladan, 18 avgust – 2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida 232 nafap sportchimiz sportning 30 turi boʻyicha gʻoliblik uchun bahslashdi. Unda Oʻzbekiston sport delegatsiyasi vakillari 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 6-18 oktyabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida oʻtkazilgan III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolapi 5 oltin, 4 kumush va 7 bponza medal jamgʻarishdi.
Shuningdek, joriy yilning 6-13 oktyabr kunlari Indoneziyada III Paraosiyo oʻyinlari oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi oʻz tarixida eng koʻp – 54 sportchi bilan ishtirok etdi. Mazkur musobaqada sportchilarimiz pauerlifting, dzyudo, oʻq otish, suzish va yengil atletika boʻyicha bahslarda 35 oltin, 24 kumush va 18 bronza, jami 77 medalga sazovor boʻldi va Vatanimizning xalqaro miqyosdagi shon-shuhratini yanada yuksaltirishga, xalqimizning qudrati va salohiyatini namoyon etishga munosib hissa qoʻshdi.
Joriy yilda mamlakatimizda oʻtkazilgan xalqaro musobaqalar, konferensiya va assambleyalar yuqori darajada tashkillashtirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 oktyabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori milliy kurashni mamlakatimiz, xalqaro miqyosda yanada rivojlantirish va ommalashtirishda muhim dasturilamal boʻldi.
Kurashning 2018 yili Indoneziyada oʻtkazilgan yozgi XVIII Osiyo oʻyinlari dasturiga rasman kiritilgani, hech mubolagʻasiz, uning kelajak sporti sifatida Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olishiga ishonch bagʻishladi.
XVIII Osiyo oʻyinlarida qitʼamiz polvonlari 7 vazn toifasida 28 ta medallar jamgʻarmasi uchun kurash olib bordi. Ushbu musobaqalarda Oʻzbekiston terma jamoasi 6 oltin, 2 kumush, 4 bronza, jami 12 medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi boʻldi.
Oʻtgan qariyb bir yil mobaynida Oʻzbekiston kurash federatsiyasi terma jamoalar bazasini shakllantirish, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida kurashning ommaviyligini oshirish boʻyicha qator ishlarni amalga oshirdi. Xususan, joriy 2018 yilning oʻzida Fargʻona va Buxoroda mamlakat chempionatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Shahrisabzda Amir Temur, Urganchda Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan xalqaro musobaqalar oʻtkazildi.
Poytaxtimizda kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun I xalqaro turnir boʻlib oʻtdi. Unda dunyoning 40 ta davlatidan kelgan polvonlar mutlaq vazn toifasida gilamga chiqdi.
Mamlakatimizda Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olgan sport turlarini aholi oʻrtasida yanada ommalashtirish, mazkur sport turlari boʻyicha tajribali sportchilarni kamol toptirish ishlari samarali olib borilmoqda.
2018 yilda Oʻzbekiston tennis federatsiyasi tomonidan mamlakatimizda yuzdan ortiq tennis musobaqalari oʻtkazildi. Ulardan 26 tasi xalqaro musobaqalar boʻlib, ular orasida Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida oʻtgan Xalqaro xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) tasnifiga kiruvchi ayollar oʻrtasidagi “Toshkent open – 2018“ va Professional tennischilar uyushmasi – ATR tomonidan erkaklar oʻrtasidagi “Toshkent chellenjer” musobaqalarini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
Ushbu musobaqalarda tajribali tennischilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etgani tahsinga loyiqdir. Joriy mavsumda erkaklar oʻrtasida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin AQSH va Qozogʻistonda oʻtgan “Challenger“ turkumidagi musobaqalarda bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, u Indoneziyada oʻtgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida gʻalaba qozonib, nafaqat oʻzbek, balki Markaziy Osiyo sportchilari oʻrtasida birinchi boʻlib 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga litsenziyani qoʻlga kiritdi.
Ayollar oʻrtasida birinchi raqamli tennischimiz Sabina Sharipova esa 2018 yili Xalqaro tennis federatsiyasi – ITF tomonidan mamlakatimizda boʻlgan turnirlardan tashqari Turkiya, Qozogʻiston va Xitoyda oʻtgan tennis musobaqalarida gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Mamlakatimizda iqtidorli yosh shaxmatchilarni tayyorlash, shaxmat boʻyicha milliy terma jamoaning amaldagi aʼzolari bilan doimiy aloqani taʼminlash, shuningdek, shaxmatni insonning aql va tafakkur jarayonini rivojlantiruvchi sport turi sifatida yanada ommalashtirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9 avgustda “Oʻzbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi.
Bu qaror samarasini Turkiyaning Koʻnyo shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida shaxmatchilarimiz erishgan natijada ham koʻrish mumkin.
Toʻqqiz tur davom etgan mazkur musobaqada terma jamoamiz Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ukraina, Vengriya, Polsha, Moldova kabi kuchli terma jamoalar ustidan zafar quchgan boʻlsa, AQSH vakillariga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qoʻygan holda 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Butunjahon shaxmat Olimpiadasi gʻolibi boʻldi.
Dunyoning 39 mamlakatidan kelgan 250 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan shaxmat Olimpiadasida yurtimiz sharafini Nodirbek Yoqubboyev, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov va Sitora Saparova himoya qildi.
Musobaqada N.Yoqubboyev va Sh.Vohidov oʻz taxtasida oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Bugun oʻzbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari qayd etayotgan natijalarga dunyo havas qilmoqda. Osiyo boks konfederatsiyasi yilning eng yaxshilarini aniqlash maqsadida soʻrovnoma oʻtkazdi.
Soʻrovnoma natijalariga koʻra, Isroil Madrimov Osiyoning eng yaxshi bokschisi, deya eʼtirof etildi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda umidli bokschimiz Iqboljon Xoldorov uchinchi boʻldi.
“Osiyoda yilning eng yaxshi texnik mutaxassisi“ yoʻnalishida shifokorimiz Dilshod Kazakovga teng keladigani topilmadi. Hakamimiz Aleksandr Hamidov esa 2018 yilda “Osiyoning eng yaxshi hakami“ deb topildi.
Shuni taʼkidlash lozimki, bu yilgi sport mavsumida bir qator nufuzli musobaqalarning mamlakatimizda tashkil etilgani, xalqaro maydonda oʻtgan turnirlarda bokschilarimizning muvaffaqiyatli ishtiroki bois Oʻzbekiston boks federatsiyasi qitʼaning eng yaxshi federatsiyasi boʻldi.
Professional boksda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Shohjahon Ergashev, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov oʻtib borayotgan yilda chempionlik kamarini qoʻlga kiritib, oʻzbek oʻgʻlonlari hech kimdan kam emas va kam boʻlmasligini yana bir bor dunyoga tarannum etdi.
2018 yilning soʻnggi oyi ham sportimiz tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Poytaxtimizda Osiyo ot sporti federatsiyasi Bosh assambleyasining yigʻilishi oʻtkazildi.
Qitʼamizning 16 mamlakatidan vakillar ishtirok etgan yigʻilishda tashkilot nizomiga oʻzgartirish kiritish, konkur boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi IV Osiyo chempionatini Oʻzbekistonda oʻtkazish va mamlakatimizda Osiyo ot sporti akademiyasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilishda assambleya ishtirokchilari 20 yil davomida oʻzgarmay kelgan nizomni oʻzgartirishga muvaffaq boʻldilar.
Maʼlumki, joriy yilning 20 sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazgan yigʻilishida sohaga doir kamchiliklar muhokama etilib, amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilangan edi.
Ana shu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan joriy yilda “Taʼlim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi”, “Mahalla haftaligi”, “Nuroniylar haftaligi”, “Yoshlar haftaligi” kabi shiorlar ostida aholining barcha qatlamlarini sportga jalb etishga eʼtibor qaratildi.
Qisqa qilib aytganda, yakunlanayotgan 2018 yil barcha sohalar qatori oʻzbek sportida ham koʻplab yutuqlarga boy boʻldi.
2019 yilning bosh hujjati – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatda sogʻlom turmush tarzi va sportni yanada ommalashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, mamlakatimizda sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga bundan buyon ham katta ahamiyat berish, yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish maqsadida eng chekka tumanlarda ham bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini tashkil etish kerakligi muhim vazifa etib belgilandi.
Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, mamlakatimizda qishki sport turlari boʻyicha xalqaro talablar darajasida sportchilar tayyorlashning samarali tizimini yaratish masalasining dolzarbligini alohida taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari yozgi Osiyo oʻyinlaridan biriga mezbonlik qilish boʻyicha istiqbolli reja ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Bugun Oʻzbekiston tom maʼnoda sporti rivojlanayotgan, sportni ruh va dil tantanasiga aylantirgan odamlar mamlakatiga aylangan. Pirovardida, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi qaror topib, sportning ommaviyligi taʼminlanmoqda. Oʻzbekiston sportchilari jahonning nufuzli musobaqalarida yuksak gʻalabalarni qoʻlga kiritib, mamlakatimiz sport salohiyatini dunyoga namoyon qilmoqda.
Bu kabi gʻalaba va ulkan zafarlar kelgusi 2019 yilgi sport mavsumida ham sportchilarimizni tark etmaydi, degan umiddamiz.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA