O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq bahosi – eng xolis baho
2018-12-30 | Jamiyat
Ichki ishlar idoralariga murojaat qilgan shaxslardan 21 ming 292 nafarining huquqi tiklangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Murojaatnomasida xalq bilan uzluksiz muloqot va inson manfaatlari uchun xizmat qilish, barcha darajadagi rahbarlar uchun nafaqat majburiyat, balki hayotiy tamoyilga aylanishi shartligi alohida taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotlar tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish huquqini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratish yangi yilda ham faoliyatimizning muhim va ajralmas qismi boʻlib qoladi.
Darhaqiqat, xalq bilan muloqotning samarali yoʻlga qoʻyilgani fuqarolar manfaatlarini taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda. 2019 yilda ham bunday xayrli ishlar izchil davom ettirilishi eʼtiborga loyiq.
Xalq bilan muloqotning eng samarali usuli - murojaatlarga eʼtibor berishdir. Ichki ishlar organlarida aholiga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatish xodimlarning xizmat burchi hisoblanadi. Tizimda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning mutlaqo yangi tartibi oʻrnatilgan. Murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va qonuniy hal etish, bu boradayuzaki yondashuvlarga chek qoʻyish doimiy diqqat markazimizda.
Ichki ishlar organlari hamda tarkibiy boʻlinmalarda jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish masalasiga birinchi rahbar shaxsan javobgar hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, murojaatlar bilan ishlashning ahvoli ichki ishlar organlari birinchi rahbarlari huzurida oʻtkaziladigan tezkor yigʻilishlarda tanqidiy muhokama qilinib, ushbu sohada aniqlangan kamchiliklar va salbiy holatlarni bartaraf etish choralari koʻrilyapti.
Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish xonalari tashkil etilgan. Ichki ishlar organlari rahbarlarining qabul qilish tartibi va jadvallari, qabullarni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ichki ishlar organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan. Shuningdek, ushbu maʼlumotlar maʼmuriy binoda hamma koʻrishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga va boshqa texnik vositalarga joylashtirilgan.
Murojaatlarni qayd etishning 9 xil koʻrinishdagi kitoblari oʻrniga murojaatlarni elektron tarzda hisobga olish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu esa ortiqcha qogʻozbozliklarga chek qoʻyib, tezkorlikni oshirdi.
Fuqarolarga ogʻzaki murojaat etish huquqini amalga oshirishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida, respublika ichki ishlar organlarida faoliyat koʻrsatgan 173 “ishonch telefoni” tugatilib, yagona qisqa “1102” raqamli “ishonch telefoni” tashkil etildi. Mazkur raqamga barcha hududlardan qoʻngʻiroq qilish imkoni yaratilgan.
“Ishonch telefoni” orqali qilinadigan murojaatlarningelektron tizimi joriy etildi. Shuningdek, ichki ishlar organi yoki tarkibiy boʻlinma rahbarlari va masʼul xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalarida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan.
Vazirlikning “ishonch telefoni”ga fuqarolarning ishonchi ortganligi sababli 2018 yilda 2017 yilga nisbatan kelib tushayotgan murojaatlarning salmogʻi 15 ming 445 taga ortdi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida, ichki ishlar organlari faoliyatiga oid eng koʻp kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan savol-javoblar tayyorlanib, vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.
2018 yilning 11 oyi davomida Ichki ishlar vazirligi tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali jami 88 ming 327 ta (2017 yilda 109 ming 7 ta) murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularning 15 ming 129 tasini Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish va biometrik pasport olish, 11 ming 484 tasini amnistiya va avf etish, 7 ming 893 tasini mol-mulk va pul mablagʻlarini undirish, 5 ming 972 tasini surishtiruv va tergov harakatlari masalasidagi murojaatlar tashkil etgan.
Kelib tushgan murojaatlarning 56 ming 693 tasi yoki 64,1 foizi qanoatlantirilgan hamda 21 ming 292 nafar shaxsning huquqlari tiklangan.
Fuqarolar tomonidan murojaatlarda koʻtarilgan masalalarni tizimli ravishda tahlil qilish, ushbu yoʻnalishdagi muammolarni hal qilish boʻyicha ustivor vazifalar belgilanishi natijasida kelib tushgan murojaatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 20 ming 680 taga kamaydi.
Kelib tushayotgan har bir murojaatning koʻrib chiqilishi yuzasidan kundalik idoraviy nazorat oʻrnatilgan. Yuqori turuvchi davlat organlariga takroriy murojaatlar yozilishiga yoʻl qoʻyilishiga va murojaat esa oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlamagani uchun 346 nafar xodim turli darajadagi intizomiy javobgarlikka tortildi.
Hamma ham oʻz muammolari bilan davlat idoralariga murojaat etishni oʻziga ep koʻravermaydi. Kimdir tortinadi, yana kimdir erinadi. Odamlarning dardu tashvishini bilishning samarali yoʻllaridan yana biri sayyor qabullardir. Shuning uchun vazirlik rahbariyati aholining muammolarini, fikrini eshitish, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida sayyor qabullar oʻtkazdi. Qabullarda tushgan murojaatlarning aksariyati qonuniy hal qilindi.
Xalq bahosi esa eng xolis, haq bahodir. Bizning asl muddaomiz ham oʻz xizmatimiz bilan xalqimizni rozi qilish. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak.