O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Avstriya siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida
2018-12-17 | Siyosat
2018-yilning 17-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Avstriya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov va Avstriya Respublikasining Yevropa, integratsiya va tashqi ishlar masalalari bo‘yicha Federal vazirligining siyosiy direktori Aleksandr Marshik boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar holati va uni kengaytish istiqbollari batafsil o‘rganib chiqildi, mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha mavqe’lar yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, tashqi siyosiy hamkorlikning mustahkamlanishi davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun aniq sharoitlar yaratadi, bu esa ikki mamlakat milliy manfaatlariga mos keladi.
Suhbat chog‘ida turli darajalar va shakllardagi O‘zbekiston-Avstriya uchrashuvlarini tashkillashtirish, jumladan, 2019-yilda qo‘shma biznes-forum o‘tkazish, oxirgi majlisi 5 yil oldin o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlar salohiyatini tadbiq etish masalalarini muhokama qilish chog‘ida 2018-yilning 9 oyi mobaynida tovar aylanmasi 71 mln. AQSh dollaridan oshib, butun 2017-yilga qaraganda uchdan biriga ko‘proqni tashkil etgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Avstriya ishbilarmon doiralari ishtirokida muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Avstriyadan bir qator mutaxassislar O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Savdo-sanoat palatasiga maslahatchi sifatida ishga qabul qilingan.
Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Maslahatlashuvlarda Avstriyaning O‘zbekistondagi Elchisi etib tayinlangan Alois Kraut ishtirok etdi.