O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Qahramoni Nikolay Kucherskiy

2018-12-14 | Siyosat

Oʻzbekiston kon-metallurgiya tarmogʻi faxriysi, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sobiq Bosh direktori Nikolay Ivanovich Kucherskiy 81 yoshida vafot etdi. 

Nikolay Kucherskiy 1937 yili Ukrainada tugʻilgan. 1961 yilda Dnepropetrovsk konchilik institutini togʻ-kon muhandisi mutaxassisligi boʻyicha bitirgan. Shu yili Uchquduq shahrida togʻ ustasi sifatida mehnat faoliyatini boshlab, uchastka boshligʻi, karyer boshligʻi, bosh muhandis, soʻng Markaziy ruda boshqarmasi direktori lavozimlarida ishladi. 

N.Kucherskiyning butun mehnat faoliyati Oʻzbekistonning uran va oltin qazib olish sanoati bilan bogʻliq. 

Ishlab chiqarish sohasini puxta bilishi, ulkan tajribasi tufayli mamlakatimiz kon-metallurgiya tarmogʻining yirik loyihalariga rahbarlik qildi. 1985 yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Bosh direktori etib tayinlandi. 

N.Kucherskiy Bosh direktor lavozimida bor kuch-gʻayratini, bilimini oltinni ochiq usulda qazib olishni jadal rivojlantirishga sarfladi. Ayniqsa, Zarafshon, Uchquduq oltinni qayta ishlash majmualarini tashkil etish va yanada rivojlantirishga, uran tarmogʻini quduq burgʻulagan holda yer ostida tanlab eritishdek kamchiqim usulga oʻtkazishga katta hissa qoʻshdi. 

Texnika fanlari doktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan muhandis, Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutining faxriy professori N.Kucherskiy katta ilmiy-tadqiqot ishlari olib bordi. U 150 ga yaqin ilmiy ish, 14 ixtiro muallifidir. 

N.Kucherskiy Oliy Majlis deputati etib saylangan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi edi. 

N.Kucherskiyning Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlash, togʻ-metallurgiya sanoatini jadal rivojlantirishga qoʻshgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. 1996 yilda unga oliy mukofot – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berildi. Shuningdek, u “El-yurt hurmati” va “Doʻstlik” ordenlari bilan mukofotlangan. 

Ishlab chiqarish sohasining yirik tashkilotchisi, olim, mehribon ustoz Nikolay Ivanovich Kucherskiy xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

 
Sh.Mirziyoyev, N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, A.Sultonov, Q.Sanaqulov

Поделиться