O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bogʻdorchilikni rivojlantirish orqali aholi ham oziq-ovqat bilan, ham ish bilan taʼminlanadi
2018-12-13 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yakkabogʻ tumanida “Sag agro Yakkabogʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan yongʻoqzor va bodomzorni borib koʻrdi.
Bu bogʻlar davlatimiz rahbarining joriy yil yanvar oyidagi Qashqadaryoga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida tashkil etildi. Prezidentimizning 2017-yil 1-iyundagi “Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori buning uchun qulay sharoit yaratdi.
Bugungi kunda 700 gektar maydonda yongʻoqning “Chendler”, “Cisco” va bodomning “Avijor”, “Guara” navli koʻchatlari oʻtqazilgan. Kelgusi yil yana 440 gektarga koʻchatlar ekiladi.
Yongʻoqlar 4 yilda, bodomlar 3 yilda hosilga kiradi. Shundan soʻng yiliga 7 ming tonnaga yaqin mahsulot olish mumkin boʻladi. Mahsulotlarning 60 foizini eksportga chiqarish rejalashtirgan.
- Qashqadaryoda qishloq xoʻjaligi boʻyicha katta salohiyat bor. Yakkabogʻda ham hosildor yerlar, dehqonchilikni yaxshi biladigan odamlar koʻp. Bundan toʻgʻri foydalanib, bogʻdorchilikni rivojlantirish, aholini ham oziq-ovqat bilan, ham ish bilan taʼminlash mumkin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois koʻchatxonalar tashkil etib, aholi tomorqalari uchun mevali daraxtlar yetkazib berish zarurligi taʼkidlandi. Yongʻoq, bodom va boshqa bozorbop mevalar yetishtirishni koʻpaytirish, agronomlarni zamonaviy agrotexnik tadbirlar boʻyicha oʻqitish uchun tayyorlov kurslari tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz boqqa yongʻoq koʻchati oʻtqazdi.
Shu yerning oʻzida Qashqadaryo tumanlaridagi zaxira yer maydonlarida pista, achchiq bodom, yongʻoq va chakanda plantatsiyalarini tashkil etish, Qamashi davlat oʻrmon xoʻjaligida kurkachilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Viloyatda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, qorakoʻlchilik boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi.