O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

2018-12-12 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 12-dekabrdagi PF–5594-son Farmoniga muvofiq: 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi) tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda: 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy soni 71 shtat birligidan iborat Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy soni 5shtat birligidan iborat Angren kon-texnika inspeksiyasi; 

“Olmaliq KMK” AJ mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi; 

Qizilqum mintaqaviy inspeksiyasi negizida “Navoiy KMK” DK mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Qizilqum kon-texnika inspeksiyasi tashkil etilsin. 

2. Quyidagilar Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamentining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni ishlab chiqish; 

ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻlish va atom energiyasidan foydalanish borasidagi faoliyatni amalga oshirishda radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida samarali davlat nazorati va tekshiruvini tashkil etish va taʼminlash; 

nazorati ostidagi obyektlarda radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash boʻyicha profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish; 

yadroviy va radioaktiv materiallar bilan ishlashda, atom energiyasidan foydalanishda, yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar, ular mavjud boʻlgan radioaktiv manbalar va radioaktiv chiqindilarni qazib olish, qayta ishlash, tashish, saqlash, foydalanish, koʻmish hamda jismoniy himoyalash va hisobini yuritishda radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish; 

atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash. 

3. Quyidagilar: 

Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 122 shtat birligidan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq; 

Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

4. Belgilansinki, qoʻshimcha kiritilayotgan: 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining 20 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini saqlash davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarida shtatlar sonini zarur miqdorda qisqartirgan holda ularni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi; 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining 65 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini saqlash 5-ilovaga muvofiq grafik boʻyicha 2019-2028 yillar mobaynida bosqichma-bosqich ajratishorqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. 

5. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisiga: 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va Angren kon-texnika inspeksiyasi tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish; 

Oʻzbekiston Respublikasi hududida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash maqsadida ekspertiza boʻyicha ishlarni amalga oshirish uchun xorijiy ixtisoslashtirilgan institutlar va kompaniyalar, shuningdek, xorijiy mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish huquqi berilsin. 

6. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi Toshkent shahri, M-14, 27-uy manzili boʻyicha joylashgan maʼmuriy bino A blokining uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi qavatlarida operativ boshqaruvi huquqi asosida joylashtirilsin. 

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin. 

8. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda: 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va kon-texnika inspeksiyalarini Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir boʻlgan, zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini; 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining tarkibiy va boʻysunuvidagi boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlar (ustavlar), shuningdek, xodimlarning lavozim yoʻriqnomalari tasdiqlanishini taʼminlasin. 

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

2018-yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasida Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining xarajatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻlar ajratsin va 2019-yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin; 

ushbu qaror talablaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2018-yil uchun tasdiqlangan smeta xarajatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin; 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga 8 dona avtotransport vositasini, shu jumladan, 4 dona maxsus transport vositasini saqlash uchun limit ajratsin. 

10. Belgilab qoʻyilsinki: 

qurilayotgan va foydalanilayotgan atom energetikasi obyektlari holatining doimiy kunu tungi nazoratini taʼminlaydigan Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimlarining joylashuvi bevosita shu obyektlarda amalga oshiriladi; 

yadroviy obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlar va atom energetikasi obyektlarini quruvchi direksiyalar tomonidan Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimlariga yashashi va yuklatilgan funksiyalarni bajarishi uchun zarur sharoitlar begʻaraz asosda taʼminlanadi. 

11. Belgilansinki, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining mansabdor shaxslari yuklatilgan funksiyalarga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega: 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining nazorati ostidagi obyektlarga toʻsqinliksiz kirish; 

xavfli ishlab chiqarish obyektlari sanoat xavfsizligi, radiatsiya va yadro xavfsizligi, shuningdek, yer qaʼridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi talablariga rioya etilishi holati ustidan nazorat qilish; 

sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi talablariga rioya etmagan holda olib borilayotgan yoki avariya sodir boʻlishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlarni toʻxtatib turish, shuningdek, odamlar hayoti xavf ostida qolganda yoki avariya holatlari yuzaga kelganda ularni ish joylaridan olib chiqish; 

oʻz vakolatlari doirasida qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish. 

12. 2019-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq: 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasining tegishli hududlarida joylashgan nazorati ostidagi tashkilotlar xodimlari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan miqdorlarda ish haqiga tuman (hududiy) koeffitsiyentlari saqlanib qolinadi; 

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi xodimlariga Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan uzluksiz ish staji (koʻp yillik xizmati) uchun lavozim maoshining: 3 yildan 5 yilgacha – 20 foizi, 5 yildan 10 yilgacha – 35 foizi, 10 yildan 15 yilgacha –50 foizi, 15 yil va undan ortiq – 60 foizi miqdorida ustamalar toʻlanadi. 

13. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro ixtisoslashtirilgan institutlar va tashkilotlarni jalb etgan holda xalqaro talablarga muvofiq mutaxassislarni mazkur sohalarda tizimli oʻqitish va tayyorlashni tashkil qilsin. 

14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining buyurtmanomalariga koʻra atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash maqsadida ekspertiza boʻyicha ishlarda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin. 

15. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining buyurtmanomalariga koʻra atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash maqsadida ekspertiza boʻyicha ishlarda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmagan holda belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, vaqtinchalik propiska qilinishi, yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va muddati uzaytirilishini taʼminlasin. 

16. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining buyurtmanomalariga koʻra atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash maqsadida ekspertiza boʻyicha ishlarda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (uzaytirilishini), shuningdek, mazkur chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (uzaytirilishini) taʼminlasin. 

17. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

18. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 12-dekabr

Поделиться