O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2018-12-12 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatdagi mineral-xomashyo va qishloq xoʻjaligi resurslarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish uchun zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash borasida keng koʻlamli dasturlarni izchil amalga oshirish yetakchi tarmoqlar, shu jumladan, energetika, neft va gaz, kon-metallurgiya va kimyo sanoatini rivojlantirishning jadal surʼatlarini saqlash imkonini bermoqda.
Yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish va ularning ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish orqali, shu jumladan, atom energetikasini tashkil etish hisobidan respublikaning elektr energiyasiga nisbatan ortib borayotgan ehtiyojini taʼminlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, tahlil va oʻrganish natijalari xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati samarasizligi hamda bu yoʻnalishda metodologik hujjatlarni ishlab chiqish uchun yetarli eʼtibor mavjud emasligidan dalolat bermoqda.
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasidagi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi vazifalariga muvofiq, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda samarali davlat nazoratini taʼminlash maqsadida:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning mintaqaviy inspeksiyalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi) va uning hududiy boshqarmalari tashkil etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi atom energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat qilish uchun javobgar boʻlgan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.
3. Quyidagilar Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
atom energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha ishni muvofiqlashtirish va nazoratni amalga oshirish;
sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qaʼridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi hamda istirohat bogʻlari attraksionlarini ekspluatatsiya qilish borasidagi qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish;
sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash borasida respublikada yoqilgʻi-energetika kompleksi va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini yanada rivojlantirish boʻyicha strategik reja va dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
atom energiyasidan foydalanish sohasida litsenziyalash, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat nazorati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
sanoat xavfsizligini ekspertizadan va akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish, shuningdek, atom energiyasidan foydalanish bilan bogʻliq obyektlar xavfsizligini ekspertiza qilishni tashkil etish;
sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qaʼridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi hamda istirohat bogʻlari attraksionlarini ekspluatatsiya qilish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va qabul qilish;
xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, soha faoliyatiga taalluqli boʻlgan xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash;
texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishini hisobga olgan holda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qaʼridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi sohalarida faoliyatni amalga oshiruvchi mutaxassislarning malakasini oshirish.
4. Belgilansinki:
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi;
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
5. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining byudjetdan tashqari mablagʻlari;
faoliyat yoʻnalishi boʻyicha, shu jumladan, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi boʻysunuvidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni bajarishdan va xizmatlar koʻrsatishdan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya homiylik mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini kiritsin.
7. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi PF–3358-son Farmoni bilan tasdiqlangan Respublika davlat boshqaruvi organlari roʻyxatiga 1-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
12. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.