O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari Samarali hamkorlikka qadam

2018-12-10 | Iqtisodiyot

Joriy yilning oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Forumda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni yuksaltirish borasida ma’lum hujjatlar imzolangan edi. 

Ushbu Forumda Farg‘ona viloyati hokimligi delegatsiyasi ham ishtirok etgan va natijada, Rossiya Federatsiyasining bir necha viloyatlari va Farg‘ona viloyati o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, qardoshlik bitimlari tuzilgan edi. 4-9 dekabr kunlari viloyat hokimi SHuhrat G‘aniev boshchiligidagi viloyat hokimligi vakillari va tadbirkorlardan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi va Orenburg viloyatlarida safarda bo‘ldi.

Boshqirdiston.

5-dekabr kuni delegatsiya a’zolari Ufa shahridagi «Industrial park»da bo‘lib, «Kronospan-Bashkortostan» korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. «Kronospan-Bashkortostan» industrial parki boshqaruvchi-direktori A.Penzin bilan suhbatda korxona faoliyati haqida ma’lumot berishini so‘raymiz:

-Korxonamiz «Kronospan» kompaniyasi investitsiyasi tufayli bunyod etilgan bo‘lib, u 9 gektar xususiy er maydoniga ega, - deydi A.Penzin. -  Hozirda maydonni kengaytirish harakatidamiz. Bu erda yog‘och va metallga ishlov berish orqali turli ko‘rinishdagi mebel va devor uchun qoplamalar, plitkalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. SHuningdek, korxona avtomobil va temir yo‘llarga ega. Korxona muassisi Boshqirdiston hukumati hisoblanadi.

Kompaniya faoliyati bilan tanishgan tadbirkorlar guruhi kelgusida birgalikdagi faoliyatni rejalashtirdilar.

SHu kuni Ufa shahridagi Investorlar uyida Farg‘ona viloyati hokimi SHuhrat G‘anievning Boshqirdiston hukumati bosh vaziri va hukumat apparati boshqaruvi rahbari o‘rinbosari Ilshat Tajitdinov bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki tomondan hukumat vakillari va tegishli kompaniyalar direktorlari ishtirok etdilar.

I.Tajitdinov mehmonlarni qutlab, Boshqirdistonning iqtisodiy va eksport salohiyati bilan tanishtirdi. Uchrashuvda kelgusi hamkorliklar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Jumladan, metall va yog‘ochga ishlov berish, mashinasozlik, agrosanoat, nefteximiya, qishloq xo‘jaligi, asalarichilik sohalarida hamkorlik, shuningdek, madaniyat, fan-texnika yo‘nalishlarida do‘stlik va hamkorlik aloqalari bo‘yicha takliflar bildirildi.

Viloyat hokimi SH.G‘aniev o‘z so‘zida  oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Forumda Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan vazifalardan biri davlatlarimiz va regionlarimiz aro do‘stlikni mustahkamlash ekanini ta’kidladi. SHu bilan birga, viloyat hokimi bir nechta masalalarni o‘rtaga qo‘ydi. Jumladan, til borasida xalqlarimiz o‘rtasida to‘siqning yo‘qligi, shuning uchun hamkorligimiz muvaffaqiyatli bo‘lishi, asalarichilik sohasini rivojlantirish, Boshqirdistonda o‘qiydigan talabalarimiz, mehnat muhojirlarimiz sharoiti, madaniy aloqalar masalalarini ko‘tardi. SHuningdek, Ufaga Farg‘onadan transport qatnovini yo‘lga qo‘yish, bu erdagi meditsina yoki qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha Farg‘onada qo‘shma fakultet ochish taklifini berdi. 2019 yil, sentyabr oyida Qo‘qonda bo‘ladigan «Hunarmandchilik festivali»ga Boshqirdistondan vakillarni taklif qildi.

I.Tadjitdinov SH.G‘anievning fikrlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga qulay sharoitlar yaratish borasida ish olib borishini aytdi. Uchrashuvning boshqa qatnashchilari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

-2018 yildan Farg‘ona viloyati bilan hamkorligimiz boshlandi. Bu juda katta hududdagi viloyat, bizning respublikamiz ham shunga yarashadir. Bizning respublikamiz logistik markaz sifatida juda qulay. Farg‘onadan keltiriladigan tovarlar, masalan, quritilgan mevalar, avvalo Ufaga kelib tushadi va bu erdan butun mamlakatga tarqaladi. Allaqachon tovar ayirboshlash yo‘lga qo‘yilgan, lekin uni yanada yuksak darajaga chiqarish kerak deb hisoblayman. Undan tashqari, birgalikda asalarichilik sanoatini yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. Asalarilarimizning issiq joylarda qishlashi masalasini ko‘rib chiqyapmiz, buni 2019-2020 yillarga mo‘ljallayapmiz. 100 million AQSH dollari hajmida tovar eksportini bajarishni reja qilganmiz, bunda farg‘onalik do‘stlarimizning hissasi katta bo‘ladi, - dedi Boshqirdiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ilshat Fazraxmanov.

Kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimi SHuhrat G‘aniev Ufa shahridagi Boshqirdiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi binosida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvni Savdo-sanoat palatasi direktori Azat Fazlыev olib bordi.  Tadbirda Boshqirdiston va Farg‘ona tadbirkorlari so‘zga chiqib, o‘z sohalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazdilar. Rasmiy uchrashuv so‘ngida Boshqirdiston savdo-sanoat palatasi va Farg‘ona viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi. SHundan so‘ng tadbirkorlar sho‘‘balarga bo‘linib o‘zaro hamkorlik faoliyati yuzasidan muzokaralar olib bordilar.

 SHu kuni viloyat hokimi SHuhrat G‘aniev Ufa shahridagi qator mukofotlar va mingdan ortiq medallar sohibi bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi “Asalarichilik va apiterapiya bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi” davlat muassasasida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi. Asal va asalarichilik mahsulotlari assortimentini ko‘zdan kechirdi. Kelgusida sohani rivojlantirish va ilmiy hamkorlik bo‘yicha ishlar rejalashtirildi. Jumladan, ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Boshqirdiston arilarini Farg‘onada ko‘paytirish taklifi ham berildi. Farg‘ona davlat universitetida tashkil etilajak asalarichilik markazi bilan hamkorlik rejalari tuzildi.

Orenburg.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari Orenburg shahrida davom etdi. 6-dekabr kuni viloyat hokimi SHuhrat G‘aniev boshchiligidagi Farg‘ona delegatsiyasini Orenburg viloyati gubernatori YU.A.Berg rasman tantanali ravishda kutib oldi. Orenburg administratsiyasida ishbilarmonlar nonushtasi chog‘ida viloyatimiz hokimi bilan suhbat o‘tkazildi.

Tushdan so‘ng delegatsiya «Armada» savdo-ko‘ngilochar markazida «Orenburg - Evrosiyo qalbi» nomli 8-Xalqaro biznesmen va tadbirkorlar forumida ishtirok etdi. Ushbu Forumda jahonning Belarus, Tojikiston, Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston kabi davlatlaridan 3500 dan ortiq odam qatnashdi. Tadbir so‘ngida «Xalqaro turizm festivali» nomli video, foto va animatsiyalar konkursi g‘oliblari taqdirlandi.

Ertasi kuni Orenburg Hukumat uyidagi Orenburg viloyati hamda Farg‘ona viloyati hukumati vakillari hokim o‘rinbosari M.Abdurahmonov, Hukumat raisi (gubernator) o‘rinbosari D.Kalugin boshchiligida rasmiy uchrashuv chog‘ida muzokara o‘tkazdilar. Unda har ikki tomonlarning iqtisodiy, investitsion salohiyati namoyish qilinar ekan, hamkorligimiz borasidagi dolzarb masalalar va takliflar ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda turli soha rahbarlari o‘z takliflari bilan ishtirok etdilar.

Jumladan, O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash, O‘zbekistondan quruq mevalar eksport qilish, ta’lim sohasida hamkorlik takliflari bildirildi. SHuningdek, Orenburg jurnalistlari bilan Farg‘onalik jurnalistlar o‘rtasida, OAV o‘rtasida ijodiy hamkorlik, O‘zbekistondan borgan mehnat migrantlari hayotini yoritib borish masalalari, shifoxonalarda o‘zbek tilida tablo bo‘lishi, o‘zbekcha gazetalar tarqatilishi o‘rtaga tashlandi.  SHuningdek, Orenburgga Farg‘onadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadigan samolyot reysi qo‘yish, Orenburgdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri un va bug‘doy import qilish, har ikki viloyatning turistik zonalarida dam olishni tashkil qilish takliflari ham bildirildi.

SHu kuni delegatsiya a’zolari viloyatning bir qator ob’ektlarida bo‘ldilar. Jumladan, «Lokomotiv» savdo kompleksida ham bo‘lib, milliy mahsulotlar savdosi bilan tanishdilar hamda savdo-sotiq, tovar aylanishi masalalarini muhokama qildilar.

Farg‘ona delegatsiyasi Fyodorov nomidagi ko‘ptarmoqli ko‘z kasalliklari mikroxirurgiya markazida ham bo‘ldi. Bu markaz bir kunda 350 dan ortiq aholiga, bir yilda 60 000 odamga meditsina xizmati ko‘rsatadi. Meditsina markazi eng zamonaviy oftalmologik texnologiyalardan foydalanadi, lazer yordamida operatsiyalar o‘tkaziladi. Bemorlar dastlabki diagnostika, maslahat qabulidan so‘ng xirurgiyaga kirishadi. 70% aholiga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Bir kunda lazer korreksiyasi orqali 169 ta operatsiya o‘tkaziladi. Bu erda bolalar bo‘limi ham bor.

Keyingi ob’ekt ko‘ptarmoqli xizmat ko‘rsatish markazi bo‘lib, ushbu markaz aholiga 262 xil davlat xizmatlari ko‘rsatadi. Markaz direktori Aleksandr Denisov delegatsiya a’zolarini markaz faoliyati bilan tanishtirdi. Kun davomida delegatsiya a’zolari Orenburg jun mahsulotlari fabrikasi mahsulotlari bilan ham tanishdilar.

Rossiyadan o‘z hamkorlarini topgan tadbirkorlarimiz kelgusida o‘z faoliyatlarini yanada rivojlantirib, nafaqat o‘z bizneslari uchun, balki el-yurt manfaati uchun ko‘p foyda keladigan ishlarni amalga oshirishga tayyor ekaliklarini bildirdilar. Jumladan, “Ibratli bekam” markazi direktori SH.G‘anieva shunday deydi:

-Rossiyaga safarimizdan judayam mamnunman. Sababi, tekstil mahsulotlarimizga bu erda talab kuchli. Hozir Orenburgdagi “Feya” tarmoq savdosi rahbariyati bizning “Ibratli bekam” o‘quv ishlab-chiqarish markazimizga har xil turdagi bolalar kiyimlari bo‘yicha buyurtmalar berdi.

Safar davomida tadbirkorlar tomonidan o‘zaro hamkorlik borasida ayrim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, «Dolina agroklaster» OOO  «Kalipso» OOO bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra 4 gektar er maydonidagi gidroponika usulidagi issiqxona uchun, 1000 tonnali sovutgich, mevani qayta ishlash uchun loyiha qiymati 3 million 840 ming AQSH dollariga teng loyihaga xorijiy sarmoya hisobidan 3 million 600 ming AQSH dollari hajmida Rossiya firmasi investitsiya kiritadigan bo‘ldi. Bundan tashqari qo‘shimcha loyihalar bo‘yicha ishlashga ham kelishildi.

Safar natijasida viloyat hokimligi  tomonidan “Mehrigiyo”  firmasiga ajratilgan 20 gektar er maydonida  kelgusi yilning yanvar oyidan boshlab lavandazor (50 mingta ko‘chat), zaytunzor (30 mingta ko‘chat), choyzor (30 mingta ko‘chat), kivizor (30 mingta ko‘chat)lar yaratish  uchun va “Medical hotel” qurilishi uchun rossiyalik hamkorlardan “Dream Therra Rus” kompaniyasi bilan hamkorlar bilan 500 ming AQSH dollar hajmida loyiha imzolandi. Loyiha qiymatining 300 ming dollari “Dream Therra Rus” tomonidan, 200 ming dollari “Mehrigiyo” tomonidan amalga oshiriladi. SHuningdek, “Mehrigiyo” firmasi Orenburg viloyati ko‘z kasalliklari mikroxirurgik markaziga o‘z mahsulotlarini taqdim etdi, kelgusida ularni eksport qilishga davolash ishlari bo‘yicha markaz direktori o‘rinbosari Aleksey Gorbunov bilan kelishib olindi.

Ufa shahridagi GUP BXP “Agidel” RB,  NXP Legprom RB bilan “Nurafshon-Ziyo Textile” o‘rtasida import-eksport bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha kelishuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari yana qator hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildiki, Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari har ikki mamlakat hududlari uchun samarali ishlarga yo‘l ochadi va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Gulbahor Saidg‘anieva

Поделиться