O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sirlarini ochayotgan qadimiy meros
2018-12-10 | Madaniyat
Toshkentda 10-dekabr kuni “Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash va oʻrganish boʻyicha loyihalar“ 2018-yil yakunlari. 2019-yil “Yoʻl xaritasi“ xalqaro multimedia forumi boshlandi.
Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro tadbirda AQSH, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Hindiston, Chexiya, Polsha kabi mamlakatlardan kelgan olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.
Forum avvalida Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining doimiy koʻrgazmasi ochildi. Undan “Oʻzbekiston arxitektura epigrafikasi”ning 13 jildli, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” nashrining 10 jildli turkumlari, “Katta Langar Qurʼoni”, “Devoni Husayniy”, “Zafarnoma”, “Meʼrojnoma”, “Temur tuzuklari”, “Poklik bogʻi” qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari joy olgan.
Mazkur eksponatlar mamlakatimiz madaniy merosida qimmatli oʻrin tutadi. Ayniqsa, “Katta Langar Qurʼoni” bebaho va qadimiyligi bilan alohida ajralib turadi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu qoʻlyozma VIII asr oʻrtalarida pergamentga kufiy-hijoziy xatida bitilgan. “Katta Langar Qurʼoni”ning bizgacha yetib kelgan eng katta qismi – 81 sahifasi Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari institutida, 16 sahifasi esa Toshkent, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida saqlanadi.
Xalqaro forumning ochilishida YUNЕSKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Mariya del Pilar Alvarez Laso yurtimizda boy madaniy merosni asrash va oʻrganish, xalqimizning insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini jahon miqyosida keng targʻib etish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Bu boradagi ishlarning jamgʻarma tomonidan mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlanishini maʼlum qildi.
– Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo madaniy merosi xuddi ummondagi muz togʻiga oʻxshaydi, – deydi Amerika tashqi siyosati kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi Frederik Starr. – Bu merosning faqat bir qismigina bizga maʼlum. Qolgani sirli ummon qaʼridagi yashirin bir xazina.
Mamlakatimiz maʼnaviy-madaniy merosiga oid bitiklar, qoʻlyozmalar Moskva, Sankt-Peterburg, London, Parij, Venetsiya, Berlin, Tehron, Istanbul kabi koʻplab shaharlar kutubxonalari va muzeylarida ham saqlanmoqda. Ushbu tarixiy boylikni tadqiq qilish, uni qayta kashf qilish ishlari “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” media-loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Kelasi yil media-loyihaning “Oʻzbekiston madaniy merosi Buyuk Britaniya muzeylarida”, “Oʻzbekiston madaniy merosi Polsha muzeylarida”, “Davlat Ermitaji. 3-qism”, “Oʻzbekiston madaniy merosi Hindiston muzeylarida” kabi navbatdagi jildlari nashrga tayyorlanadi.
Xalqaro anjuman sessiya majlisida mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ekspertlar ishtirokida Samarqandning tarixiy-madaniy merosini saqlash va ommalashtirish masalasi muhokama qilindi.
Shu kuni anjuman doirasida “Ijtimoiy media mahsulotlar“ X milliy festivali oʻtkazildi.
Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov soʻzga chiqdi.