Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 9 noyabr kuni sogʻliqni saqlash tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish va sohani izchil rivojlantirishga doir dolzarb vazifalar hamda muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf qilish yuzasidan aniq topshiriqlar bergan edi.
Shundan kelib chiqib, sogʻliqni saqlash tizimida islohotlarni yanada jadallashtirish va tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan Harakatlar rejasi — “Yoʻl xaritasi” tadbirlari belgilandi.
Ushbu “Yoʻl xaritasi” asosida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami xizmati sifati va samaradorligini oshirish, muassasalar moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, kadrlar taʼminotini yaxshilash, salohiyatini oshirish, sanitar-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash hamda xususiy sektorni rivojlantirish choralarini belgilash yuzasidan Respublika ishchi guruhi shakllantirildi. Ishchi guruh tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va respublika tibbiyot muassasalarining rahbarlari 27-29 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurishdi.
Tashrifning dastlabki kunida ishchi guruh tomonidan Surxondaryo viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasida yigʻilish oʻtkazilib, sohadagi mavjud holat, muammolar va ularning yechimi yuzasidan chora-tadbirlar belgilash maqsadida har bir yoʻnalish boʻyicha alohida ishchi guruhlar tashkil etildi.
Ishchi guruh oʻrganishlari davomida sohada olib borilayotgan islohotlarning natijasi hamda samaradorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Aytish joizki, viloyatda bugungi kunga qadar dori-darmon sotib olish uchun 41,1 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, bu 2017 yilga nisbatan oʻrtacha 2,5 baravarga oʻsgan.
Qishloq oilaviy poliklinikasi (QOP) va qishloq vrachlik punktlari (QVP)ning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida 10, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobiga 3 ta, investitsiya dasturi asosida 4 birlamchi tibbiyot muassasasi taʼmirlangan.
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami xizmati sifati va samaradorligini oshirish, muassasalar moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, kadrlar taʼminoti va salohiyatini oshirish, sanitar-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash hamda xususiy sektorni rivojlantirish choralarini belgilash maqsadida deputatlarimiz Angor, Muzrabod, Sherobod, Shoʻrchi va Oltinsoy tumanlari hamda Termiz shahridagi tibbiyot birlashmasida boʻlib, bemorlar, hamshira va shifokorlar bilan suhbatlashdilar.
Oltinsoy tuman tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishib, shifokorlar va keng jamoatchilik vakillari bilan muloqot qildilar. Muloqot chogʻida mazkur birlashmada bir qator kamchiliklar mavjudligi eʼtiborga olindi. Jumladan, Oltinsoy tumani aholisiga xizmat koʻrsatayotgan tibbiyot muassasalari faoliyati oʻrganilganda, 4 tez tibbiy yordam xizmat mashinasining yaroqlilik muddati oʻtgani aniqlandi. Belgilangan normativ boʻyicha 13 ming aholiga bitta avtomashina xizmat koʻrsatishi nuqtai nazardan tumanda yana qoʻshimcha 3 avtomashinaga ehtiyoj sezilayotgani maʼlum boʻldi.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi binosi 1993 yilda qurilgan boʻlib, hozirda aholi soni ikki barobar ortgani uchun bino quvvati jihatidan talabga javob bermaydi. Bundan tashqari, davolash profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasi ham nochor ahvolda. Ayni kunda birlashmaga zamonaviy IVL apparatlari, bolalar va kattalar uchun oksigenatorlar, kuvez apparatlari, funksional krovatlar, zamonaviy jarrohlik jamlanmalari, koʻchma rentgen moslamasi yetishmasligi aniqlandi.
Bugungi kunda tumanda 162 nafar oliy maʼlumotli shifokor mavjud boʻlib, ulardan 20-25 foizini nafaqa yoshidagilar tashkil etadi. 145 nafar turli xildagi tor doiradagi tibbiyot mutaxassislariga ehtiyoj sezilmoqda.
Shundan soʻng ishchi guruh aʼzolari 37-Qishloq oilaviy poliklinikasiga tashrif buyurdi. Bu yerda ham bir qancha muammo mavjudligi aniqlandi. 37 nafar tibbiyot xodimi ishlaydigan mazkur poliklinika ayni paytda taʼmirtalab ahvolda. Muassasada ichimlik suv muammosi bor.
Ishchi guruh aʼzolari aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish borasidagi mavjud muammolarni batafsil oʻrganib chiqib, ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilashdi. Oʻz navbatida, aniqlangan muammolarni bartaraf etishda respublika va mahalliy byudjetlardan mablagʻlar ajratish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Oʻrganishlar davom etmoqda.
Nurillo Nasriyev, OʻzA