O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-Chexiya: Parlamentariylar iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qildilar
2018-11-29 | Siyosat
2018-yil 28-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov mamlakatimizda boʻlib turgan Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi raisi oʻrinbosari Filip Voytex boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini qabul qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati yuzasidan tajriba almashish hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar xususida soʻz yuritildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Oʻzbekiston-Chexiya oʻrtasida koʻplab jabhada, ayniqsa, iqtisodiyot sohasida aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. Buni mamlakatlarimizning oʻzaro tovar aylanmasi 2017-yilda 63,4 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, joriy yil boshidan sentyabrga qadar ushbu raqam 59,6 million AQSH dollariga yetganida ham koʻrish mumkin.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Kelgusida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar aylanmasini bundan ham koʻpaytirish yuzasidan fikr almashildi. Ikki mamlakat ishbilarmonlar doiralari oʻrtasidagi savdo sheriklik hajmini oshirish, oʻzaro sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirish, bunda parlamentlarning rolini kuchaytirish masalalari tahlil qilindi.
Oʻz navbatida, mehmonlar bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish, parlamentlaro muloqotni kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi oʻrtasida doʻstlik guruhini tuzish taklifini ilgari surdilar.
Doʻstona va samimiy kechgan uchrashuvda Oʻzbekiston – Chexiya parlamentlararo munosabatlarini yanada faollashtirish lozimligi qayd etildi.