O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

BMT shafeligida orolboʻyi mintaqasi uchun maxsus fond

2018-11-29 | Ekologiya

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida 27-noyabr kuni BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi faoliyati boshlanishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. 

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi, Norvegiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan BMTning inson xavfsizligi boʻyicha boʻlimi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda BMT maxsus tuzilmalari, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, AQSHning yetakchi kompaniya va bank-moliya institutlari, xalqaro nodavlat ekologiya birlashmalari, ilmiy doiralaridan 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi. 

Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondini tashkil etish borasidagi mamlakatimiz tashabbusining BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi Oʻzbekiston va xalqaro hamjamiyat bilan mintaqada ekologiq inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, aholi turmush sharoitini oshirish yoʻlidagi faol muloqotning mantiqiy davomi boʻldi. 

Mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari yuqori darajali tadbir avvalida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning salomi va Trast fondi faoliyatini tashkil etishdagi koʻmagi uchun minnatdorligini yetkazdi. 

Antoniu Guterrish davlatimiz rahbariga oʻzining ezgu niyatlari va 2017-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuv chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini yetkazishni soʻradi. 

Tadbirning ochilishida Antoniu Guterrish soʻzga chiqdi va Trast fondining tashkil qilinishini “Jabrlangan mintaqa tarixida yangi sahifa“, deb baholadi. Bu bejiz emas, albatta. 

Bosh kotib 2017-yilning iyun oyida Orolboʻyi hududlariga safar qilgan va jahondagi yirik ichki suv havzalaridan biri Orolning qurib borishi tufayli mintaqada izdan chiqayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni oʻz koʻzi bilan koʻrgan, insonlar turmush tarzi va kelajakka ishonchi soʻnib borayotganiga guvoh boʻlgan edi. Oliy martabali mehmon bunday vaziyatga “jahon miqyosidagi talafot“ sifatida qaragan edi. 

Orolboʻyi mintaqasi muammosiga jahon hamjamiyatining eʼtiborini qaratish va mintaqa rivoji uchun texnik-moliyaviy resurslarni safarbar qilish Trast fondining asosiy maqsad-vazifalaridan sanaladi. Shu maʼnoda Antoniu Guterrish donor hamjamiyatlar saʼy-harakatini birlashtirish imkonini beradigan ushbu tuzilma mahalliy aholining yoʻqolayotgan umidlarini qaytarish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish imkonini berishini taʼkidladi. 

Orol fojiasi zamonamizning eng yirik ekologik muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Dengiz tubidan koʻtarilayotgan chang yiliga 80 million tonnaga yaqin tuz va zararli kimyoviy unsurlarni Sharqiy Yevropadan Himolay togʻlarigacha, Antarktida qirgʻoqlariyu Grenlandiya muzliklariga va hatto Norvegiya oʻrmonlarigacha boʻlgan ulkan hududga yoyayotgani “Yoʻqotilgan umidlar“ iborasini teranroq anglash va muammoning nechogʻli halokatli tus olganini tushunish imkonini beradi. 

Bugungi kunda ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni birlashtirish Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan biridir. Shunga muvofiq, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha 2013-2017 yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida jahon hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-2021 yillarda Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturi qabul qilinishi esa, Oʻzbekistonning bu kabi ekologik halokat oqibatlariga qarshi kurashdagi oʻzgarmas siyosatini oʻzida aks ettirdi. 

Anjumanda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov ham ishtirok etdi va Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, inson hayotiga halokatli taʼsirlarni yumshatish boʻyicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etilgani hamda uning asosiy maqsad va vazifalari haqida maʼruza qildi. 

Orol dengizining qurishi dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biri boʻlib, mintaqadagi hukumatlar va hamjamiyatlar uchun qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy va gumanitar muammolarning sababchisi, deb hisoblanadi. Bugungi kunda hududda ichimlik suvi tanqisligi, turli kasalliklarning keng tarqalishi, onalar va bolalar oʻlimining ortishi kuzatilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻldi va bu yerdagi vaziyat bilan yana bir bor yaqindan tanishdi. 

Davlatimiz rahbari saʼy-harakati bilan ushbu hududda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni samarali roʻyobga chiqarish maqsadida kelgusi ikki yilda umumiy qiymati 1,5 milliard AQSH dollari boʻlgan 800ga yaqin loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. 

Tadbirda Trast fondini tashkil etish tashabbusini 2015-yilda Oʻzbekiston tomoni ilgari surgani qayd etildi. Anjumanda Yaponiya, Norvegiya, Nigeriya, Qozogʻiston, Jazoir, shuningdek, qator nodavlat tashkilotlar vakillari ushbu fond faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Forum doirasida Oʻzbekiston hukumatining Fond jamgʻarmasiga har yili 2 million AQSH dollari ajratishi taʼkidlandi. Norvegiya delegatsiyasi aʼzolari ham soʻzga chiqib, mamlakat hukumatining Fond jamgʻarmasiga 1,2 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratish boʻyicha qarori haqida maʼlumot berdi. 

Forum yakuni boʻyicha matbuot anjumani tashkil qilindi. Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ushbu forum oʻz ahamiyatiga koʻra nafaqat fond faoliyatida, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ekologiya va suvdan foydalanish borasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mintaqa xalqlari farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. 

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA

Поделиться