O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senatda Jahon banki va Yevropa ittifoqi delegatsiyasining qo‘shma missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2018-11-28 | Siyosat
2018 yil 27 noyabr kuni Oliy Majlis Senatida Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi M.Djumagaldiyevning davlat xarajatlarini baholash va moliyaviy hisobdorlik bo‘yicha Jahon banki va Yevropa ittifoqi delegatsiyasining qo‘shma missiyasi a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senatidagi navbatdagi uchrashuv davlat xarajatlari va moliyaviy hisobot PEFA talablari va standartlariga muvofiq mamlakatimizda moliya va byudjet intizomini, byudjet resurslari hamda moliyaviy xizmatlarni taqsimlash samaradorligini baholash bo‘yicha joriy yilda Qo‘shma missiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning davomi bo‘lgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda mamlakat moliya tizimini davlat tomonidan nazorat qilishni takomillashtirish masalalari muhokama etildi. Davlat moliya nazorati har qanday davlat fiskal tizimi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishining majburiy sharti, ushbu tizimni boshqarishning bosh vazifasi ekani qayd etildi. Davlatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ish sifatini yaxshilash darajasi aynan u qanday tashkil etilganiga bog‘liqdir.
Tomonlar ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy islohotlar davlat va jamoatchilik uchun moliyaviy hisobotning xalqaro mezonlari va standartlari (International Public Sector Accounting Standards, IPSAS) asosida byudjet jarayonini tashkil etish zaruratini keltirib chiqarmoqda, mamlakatdagi byudjet jarayonlari tegishli tuzilmalar va jamoatchilikning e’tiboriga ochiq, tushunarli shaklda taqdim etilishi lozim.
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22 avgustdagi “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori amalga oshirilayotgani byudjet jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Davlat mablag‘lari va mol-mulki shakllanishi, harakatlanishi va ulardan foydalanilishi ustidan nazorat qilishning yangi, samarali turlari hamda shakllarini joriy etish davlat moliya nazoratini rivojlantirish yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan uchrashuvda asosiy e’tibor audit bo‘yicha hisobotlarni qonunchilik darajasida nazorat qilishga qaratildi. “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek Auditorlik faoliyatining milliy standartlari (AFMS) bu yo‘nalishdagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda audit bo‘yicha hisobotlar nazoratini, tekshiruv natijalari yuzasidan eshituvlarni o‘tkazish va audit bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash vaqtiga oid turli masalalar muhokama etildi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon banki va Yevropa ittifoqi delegatsiyasining qo‘shma missiyasi joriy yil 7 dekabrgacha o‘z ishini davom ettiradi va uning yakunlari bo‘yicha tegishli xulosa taqdim etadi.