Poytaxtimizda stol tennisi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda mamlakatimiz stol tennisi federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatda yurtimizning turli hududlaridan kelgan 150 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Erkaklar oʻrtasidagi yakkalik bahslarida Zohid Kenjayev, Elmurod Xoliqov, Qutbidillo Teshaboyev va Stanislav Tyan shohsupaga koʻtarildi.
Ayollar bahsida esa Rimma Gufranova, Rozalina Xojiyeva, Mehriniso Norqulova hamda Kamila Xoliqova gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Oʻzbekiston chempionatining juftlik bahslarida Zohid Kenjayev va Stanislav Tyan tandemi oltin medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, ayollar oʻrtasida Rimma Gufranova hamda Rozalina Xojiyevaga teng keladigani topilmadi.
Musobaqaning aralash bellashuvlarida Z.Kenjayev va M.Magdiyeva dueti birinchi pogʻonadan joy oldi.
– Oʻzbekiston chempionatini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad, terma jamoaga yangi isteʼdod egalarini qoʻshish va mamlakatimizda stol tennisini yanada ommalashtirishdir, – deydi Oʻzbeksiton stol tennisi federatsiyasi raisi Saida Mahmudova. – Joriy yilgi mavsum ham yakunlandi. 2019 yilgi mavsum biz uchun juda ahamiyatlidir. Sababi, Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi musobaqalar oʻtkaziladi. Maqsadimiz ushbu musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etish.
Chempionat yakunida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA