O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyo forumida Oʻzbekistondagi kichik transchegaraviy daryolar gapirildi
2018-11-26 | Ekologiya
Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda USAID hamkorlikda Smart Waters (“Suv. Taʼlim. Hamkorlik”) mavzusidagi xalqaro forum davom etmoqda.
Forumda Oʻzbekiston hududidan oqib oʻtuvchi kichik transchegaraviy daryolar haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning barcha respublikalari bilan chegaradosh boʻlgan yagona mamlakat. Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon singari yirik daryolar qatori bir qator kichik suv inshootlari ham yurtimiz hududidan oqib oʻtadi. Ayni paytda mamlakatimizdagi mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan mazkur inshootlardan milliy va xalqaro meʼyoriy hujjatlar doirasida foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Forumda soʻzga chiqqan Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi raisining birinchi oʻrinbosari Saydulla Mehmonov mamlakatimiz hududidan oqib oʻtuvchi Podsho-ota daryosi suvidan oqilona foydalanish boʻyicha amalga oshirilayogan ishlar xususida gapirib berdi.
Taʼkidlash joizki, 130 kilometr uzunlikdagi bu daryo Qirgʻiziston hududidan boshlanadi. Namangan viloyatining Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlari hududidan oqib oʻtadi va mamlakatimizga tegishli boʻlgan 24 ming gektar ekin maydonini suv bilan taʼminlaydi.
– Joriy yilning iyul oyida daryoning Oʻzbekiston hududidan oʻtuvchi qismidan unumli foydalanish maqsadida Kichik havza kengashi tashkil etildi, – deydi anjuman ishtirokchisi, mazkur kengash kotibi Nurmamat Xudoyberdiyev. – Ayni paytda qirgʻizistonlik qoʻshnilar bilan tez-tez uchrashib, umumiy boyligimiz boʻlgan ushbu daryo suvidan oʻzaro kelishuv asosida, tejamkorlik bilan foydalanish boʻyicha fikr almashib turamiz.
Forum ishtirokchilariga Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumani hududidan oqib oʻtuvchi Yomonjar kanali haqida ham maʼlumot berildi. Amudaryodan suv oladigan ushbu kanal 1973 yilda qazilgan, uning dastlabki 6,2 kilometri Turkmanistondan, 26,3 kilometri Oʻzbekiston hududidan oqib oʻtadi.
– Biz ushbu suv inshootidan foydalanishda turkman qoʻshnilarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilamiz, – deydi Amu-Buxoro kanali irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi raisining birinchi oʻrinbosari Toʻlqin Davronov. – Ayni paytga qadar bu suv inshootidan foydalanishda biror kelishmovchilik yuzaga kelmagan. Bugungi kunda mavjud ekologik vaziyat, iqlim oʻzgarishlar suv resurslaridan oʻta ehtiyotkorlik bilan foydalanishni talab etmoqda. Shu bois kanal havzasida zamonaviy suv qurilmalarini oʻrnatish, suvning har bir kubometrini nazorat qilish boʻyicha zarur choralarni koʻryapmiz.
Forum doirasida tashkil etilgan koʻrgazmada mazkur suv inshootlarimiz haqidagi maʼlumotlar aks etgan stendlar, videolavhalar, fotosuratlar namoyish qilindi.