O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2018-11-26 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikada tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, investitsion jozibadorlikni oshirish va mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash boʻyicha vazifalar tizimli asosda amalga oshirilmoqda.

Koʻzlangan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi koʻp jihatdan bojxona organlari faoliyati samaradorligiga bogʻliq.

Shu bilan birga, bojxona maʼmuriyatchiligi sohasida mamlakatda qulay investitsiya muhitini yaratish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga toʻsqinlik qiluvchi bir qator tizimli muammolar saqlanib qolinmoqda.

Amaldagi bojxona tartib-taomillari xalqaro norma va standartlar talablariga toʻliq javob bermaydi, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ortiqcha vaqt va moliyaviy sarf-xarajatlar bilan bogʻliq boʻlib qolmoqda.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan bojxona qonunchiligiga rioya etishlari va halol tadbirkorlarni ragʻbatlantirish, ular uchun maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirish boʻyicha deyarli hech qanday mexanizmlar qoʻllanilmayapti.

Bojxona organlarining samarasiz va ortiqcha nazorat funksiyalari tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelmoqda.

Bojxona organlari xodimlarini moddiy jihatdan ragʻbatlantirish uchun imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmaslik korrupsiya holatlari profilaktikasi va butun tizimning samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirish, biznesni rivojlantirish yoʻlida byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining:

2019-2020 yillarda “Yallama” va “S.Najimov” (Toshkent viloyati), “Doʻstlik” (Andijon viloyati), “Olot” (Buxoro viloyati);

2020-2021 yillarda “Dout-ota” (Qoraqalpogʻiston Respublikasi), “Madaniyat” (Andijon viloyati), “Oʻzbekiston” (Fargʻona viloyati), “Gʻishtkoʻprik” va “Oybek” (Toshkent viloyati) bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida qurish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

2. Belgilansinki:

bojxona terminallaridagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asosiy funksiyalari “yagona darcha” tamoyili asosida bojxona, bank, logistika, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni koʻrsatish hisoblanadi;

tadbirkorlik subyektlari bojxona terminallarida koʻrsatiladigan tijorat xizmatlaridan ixtiyoriy ravishda foydalanadilar.

3. Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimiga quyidagilarni qoʻllagan holda toʻliq rejimda joriy etilsin:

a) 2018 yil 1 dekabrdan boshlab:

“sariq yoʻlak”, bunda bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va maʼlumotlarni tekshirish boʻyicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi oʻrta koʻrsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovdaaniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

“qizil yoʻlak”, bunda bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori koʻrsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

b) 2019 yil 1 martdan boshlab:

“yashil yoʻlak”, bunda xavf darajasi past boʻlgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi;

“koʻk yoʻlak”, bunda xavf darajasi oʻrta koʻrsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan soʻng amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar:

Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda bojxona terminallarini qurish tarmoq jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yoʻl xaritasi” va tarmoq jadvalida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B.Azimovga – “Yoʻl xaritasi” va tarmoq jadvalida nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va samarali bajarilishi, xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini sifatli joriy etish hamda foydalanish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent, Buxoro, Andijon va Fargʻona viloyatlari hokimlariga – “Yoʻl xaritasi” va tarmoq jadvallarida nazarda tutilgan obyektlarni qurish hamda ishga tushirish yuzasidan zarur ruxsat etish koʻrinishiga ega hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirishni taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

5. 2019 yil 1 fevraldan boshlab:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan talablarga javob beradigan, tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlari institutining joriy etilishi;

Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent viloyati va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining bojxona postlarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish boʻyicha bepul asosda xizmat koʻrsatuvchi shaxslarning maxsus guruhi – “front-ofis” tuzish va uning faoliyatini tashkil etish boʻyicha dastlabki loyiha (keyingi oʻrinlarda – dastlabki loyiha) amalga oshirilishi belgilansin.

Dastlabki loyihaning xarajatlari, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilinadigan shaxslarga ish haqi toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Maxsus jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilsin.

Dastlabki loyiha doirasida bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish uchun taqdim etilgan maʼlumot va hujjatlar haqqoniyligi uchun javobgarlik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi 2019 yil 1 dekabrga qadar dastlabki loyiha natijalarini Davlat bojxona qoʻmitasining boshqa hududiy boshqarmalari faoliyatiga joriy etish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimi oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan tovarlarni koʻzdan kechirish hamda namuna va (yoki) probalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga asosan xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi buyurgan bojxona operatsiyalarini bajarishga majbur;

tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi tomonidan tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqti bojxona postlari xodimlari faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichi hisoblanadi. Shu bilan birga, bojxona rasmiylashtiruvi vaqti toʻgʻrisidagi statistik axborot har oyda barcha bojxona postlari kesimida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

“Sariq” va “qizil” yoʻlaklar mos ravishda 70 va 30 foiz nisbatda tovar va transport vositalarining xavf profillari yoki tasodifiy tanlash asosida qoʻllaniladi. Shu bilan birga, “yashil” va “koʻk” yoʻlaklar amalga kiritilgan kundan boshlab, mazkur xatboshida koʻrsatilgan foiz nisbati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini qoʻllash samaradorligi monitoringi asosida belgilanadi;

“koʻk yoʻlak”ga yoʻnaltirilgan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi;

2019 yil 1 martdan boshlab, olib kiriladigan tovarlarning bojxona koʻrigi uch oy davomida bojxona koʻrigi protsedurasi videoyozuvi saqlanishini va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi markaziy apparatining ulanishini taʼminlovchi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan joylardagina amalga oshiriladi.

7. Barcha tovarlarga nisbatan eksport kontraktlarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qoʻyish borasidagi talab bekor qilinsin.

8. Belgilansinki:

Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,7 karra miqdorda qoʻllaniladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining markaziy apparati, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari va ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari, shuningdek, Milliy kinologiya markazi xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlariga ustamalar 50 foizni tashkil etadi;

mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Maxsus fond mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

bojxona yigʻimlari tushumining 50 foizi miqdordagi ajratmalar, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasiga muvofiq foydalanish sharti bilan Maxsus jamgʻarmada qoladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisiga oʻzining xizmat vazifasini sidqidildan va samarali bajarib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarining yuqori malakali, tashabbuskor xodimlariga Maxsus fond mablagʻlari hisobidan mehnatiga haq toʻlash fondi (pul taʼminoti)ning 100 foizigacha miqdorda har oylik ustamalar belgilash huquqi berilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarida xizmat oʻtayotgan xodimlarga nisbatan “gaupvaxtada hibsda ushlab turish” intizomiy jazo chorasi kiritilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

2019 yil 1 yanvarga qadar vakolatli iqtisodiy operator maqomini, shuningdek, ular foydalanishi mumkin boʻlgan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillari shakllarini nazarda tutuvchi Vakolatli iqtisodiy operatorlar toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin;

bir oy muddatda bojxona yigʻimlari stavkalari turlarini maqbullashtirish va qatʼiy belgilagan holda ularning yangilangan stavkalarini tasdiqlasin;

2019 yil 1 martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi huquqbuzarliklar uchun huquqiy taʼsir choralarini kuchaytirish, shu jumladan, bojxona identifikatsiya vositalariga shikast yetkazganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorini oshirish boʻyicha qonun hujjatlari loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:

2019 yilning 1 fevraliga qadar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari murojaatlarini koʻrib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida baʼzi vakolatlarni bojxona postlariga berish orqali hududiy boshqarmalar va bojxona postlari oʻrtasidagi vakolatlarning taqsimlanishini tanqidiy koʻrib chiqsin;

tovarlarni import qilishda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlari toʻgʻri qoʻllanilganligi toʻgʻrisida ekspert xulosasi talab etilishi amaliyotini bekor qilish boʻyicha choralar koʻrsin;

ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlari B.M.Mavlonov va E.M.Ganiyev zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                             Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 24 noyabr

Поделиться