O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda yuridik xizmatlarning roli va javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan seminar oʻtkazildi
2018-11-26 | Jamiyat
Joriy yilning 22-23-noyabr kunlari Adliya vazirligining tashabbusi bilan Andijon viloyatining barcha darajadagi tuman (shahar) mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmat xodimlari, davlat boshqaruvi organlarining hududiy boshqarma va boʻlimlarining yuridik xizmat xodimlari hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlarining masʼul xodimlari ishtirokida, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash, demokratik va huquqiy islohotlarni amalga oshirishda yuridik xizmatlarning roli va javobgarligini izchillik bilan kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida nazarda tutilgan vazifalarni yuridik xizmat xodimlari tomonidan samarali ijro etilishini tashkil etish usullari va “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan seminar ishtirokchilariga atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, seminar davomida tuman (shahar) adliya boʻlimlarining masʼul xodimlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ tusdagi qarorlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish jarayonida yuzaga kelayotgan turli muammolarni kelib chiqishi va ularni bartaraf etish usul va vositalari haqida hamda bu borada mahalliy hokimliklarning yuridik xizmat xodimlarining shaxsiy masʼuliyati toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Bundan tashqari, yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish, vakant shtat birliklarini malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrish boʻyicha masʼullarga tushuntirish, tavsiya va koʻrsatmalar berildi.