O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ichki ishlar organlarida probatsiya xizmati tashkil etiladi

2018-11-26 | Jamiyat

Ichki ishlar organlarini xalq, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qiladigan tuzilmaga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, ichki ishlar organlarining eng yuqori boʻgʻinidan eng quyi boʻgʻinigacha faoliyati toʻliq qayta koʻrib chiqildi. Kuch va vositalar qayta taqsimlanib, aholiga bevosita yaqin boʻlgan quyi tizimlar mustahkamlandi. Sohaga eng zamonaviy va innovatsion texnologiyalar joriy etilib, ichki ishlar xodimlari uchun zarur moddiy-texnik shart-sharoitlar yaratib berildi. Natijada jinoyatchilikning yildan-yilga kamayishiga erishilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7-noyabrdagi “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori jinoyatchilikka qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomi boʻldi. 

Qarorga muvofiq, 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati va tegishlicha uning hududiy boʻlinmalari tashkil etiladi. 

Mazkur tuzilma IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari negizida barpo etiladi. 

Probatsiya xizmatiga bir qator muhim vazifalar yuklatildi. Jumladan, mazkur xizmat ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish boʻyicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorlikda samarali tashkil etadi. 

Shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshiradi. 

Nazorat ostidagilar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi boʻyicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy koʻmaklashadi. 

Nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretini tuzgan holda oʻrganib boradi. 

Qaror bilan jinoiy jazolarning ijrosini taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy baza yanada takomillashtiriladi. Bu jarayonda jinoyat-ijroiya qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish, tizimlashtirish va uygʻunlashtirishga eʼtibor qaratiladi. Mahkumlar huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini taʼminlashning sifat jihatidan yangi mexanizmlari joriy etiladi. 

Mahkumlar ongida qonunga itoatkor xulq-atvor, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va anʼanalariga hurmat munosabatini shakllantirish tizimi takomillashtiriladi. Umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda mahkumlar huquqlari doirasi yanada kengaytiriladi. Mahkumlar, birinchi navbatda, voyaga yetmaganlar va yoshlarning taʼlim olishi, kasbiy tayyorgarligini tashkil etish hamda bandligini taʼminlash tizimi rivojlantiriladi. 

Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish mexanizmlarini tubdan qayta koʻrib chiqish, shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat samaradorligi oshiriladi. 

Jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorligi taʼminlanadi. 

Shu oʻrinda yurtimizda yangi tuzilma sifatida tashkil etiladigan probatsiya xizmati mohiyatini soddaroq qilib tushuntirib oʻtsak. Masalan, A. ismli shaxs oʻgʻirlik jinoyatini sodir qildi va sudning hukmiga koʻra, unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Lekin sud sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi va ishdagi boshqa holatlarni eʼtiborga olib, bu shaxsga tayinlangan jazoni oʻtamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qatʼiy fikrga kelib, unga nisbatan shartli 2 yil sinov muddati belgiladi. 

Bunday vaziyatda sudlanuvchiga muayyan vaqt mobaynida yetkazilgan zararni bartaraf qilish, ishga kirish, yashash joyi, ish yoki oʻqish joyi oʻzgarib qolsa, bu haqda uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organga xabar berib turish, vaqti-vaqti bilan kelib bu organdan roʻyxatdan oʻtib turish, muayyan joylarda boʻlmaslik, muayyan vaqtda yashash joyida boʻlishi kabi majburiyatlar ham yuklatiladi. 

Probatsiya xizmati esa ushbu sinov muddati davomida mahkumga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi. Uning xulq-atvori, qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlab boradi va profilaktik choralarni amalga oshiradi. Bu esa oʻz oʻzidan shaxsni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkonini beradi. 

Probatsiya xizmati nafaqat sinov, balki muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi ozodlikdan maxrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning ijro etilishini ham nazorat qiladi. 

Zero, bugungi kunda jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning qoʻllanilishi yil sayin ortib borayapti. Zotan, jinoyat sodir qilgan shaxsga jazo tayinlashdan asosiy maqsad mahkumni axloqan tuzatishdir. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turlari qoʻllanishining sababi esa mahkumlarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishdir. 

Bu esa, oʻz navbatida, ichki ishlar organlarining amalda faoliyat yuritayotgan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning ijro etilishini nazorat qilish xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Ana shu zarurat tufayli probatsiya xizmati tashkil etilmoqda. 

Probatsiya xizmati paydo boʻlishi tarixiga nazar solsak, ushbu xizmat ilk bor 1887-yilda joriy etilgan. Hozirda koʻplab rivojlangan mamlakatlarda shunday xizmat faoliyat yuritadi. 

Masalan, Latviyada probatsiya xizmati mustaqil davlat xizmati hisoblanadi. Gruziyada bu borada maxsus agentlik mavjud. Buyuk Britaniyada ular jamoat ishlariga jalb etiladi. 

Xulosa qilib aytganda, probatsiya xizmatining tashkil etilishi ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish, shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan samarali nazoratni amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Murodjon Matniyozov,

IIV Tashkiliy departamenti bosh referenti.

Поделиться