O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Interpol Bosh Assambleyasining 87-sessiyasida ishtirok etdi
2018-11-26 | Siyosat
Joriy yilning 18-21-noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, general-mayor D.Nazarmuxamedov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boʻlib oʻtgan Interpol Bosh Assambleyasining 87-sessiyasida qatnashdi.
Tadbirda Interpolga aʼzo davlatlardan tashrif buyurgan 1000 dan ortiq delegatlar hamda politsiya organlarining 85 nafar turli darajadagi rahbarlari ishtirok etdi.
Unda Jinoyat qidiruv politsiyasining xalqaro tashkiloti (Interpol)ning Bosh kotibi Yurgen Shtok soʻzga chiqib, turli tahdidlar va xavflar mavjud boʻlgan hozirgi paytda mazkur tashkilotning oʻrni tobora ortib borayotganini aytib oʻtdi.
Shubhasiz, Bosh Assambleya sessiyasining kun tartibiga qoʻyilgan asosiy masalalardan biri Interpol Ijroiya qoʻmitasiga, Prezident lavozimiga saylovlarni oʻtkazish boʻldi.
Ushbu lavozimga Koreya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan nomzodlar koʻrsatilib, ovoz berish natijalariga koʻra Koreya Respublikasi vakili Kim Chon Yan Interpol Ijroiya qoʻmitasi Prezidenti etib saylandi.
Bosh Assambleya ishtirokchilari kun tartibi loyihasini tasdiqlagach, tadbir oʻz faoliyatini boshladi. Dastavval rejalashtirilgan jadvalga muvofiq, 18-noyabr kuni Assambleya doirasida delegatsiyamiz rahbari, general-mayor D.Nazarmuxamedov bilan Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vaziri, shayx Saif bin Zayed Al Naxayan oliy hazratlari oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida Al Naxayan Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Arab Amirliklari uchun doʻst va qardosh mamlakatlar ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Tadbir chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, general-mayor D.Nazarmuxamedov respublika IIV tomonidan davlatlarimiz ichki ishlar organlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik asosi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi IIV va Birlashgan Arab Amirliklari IIV oʻrtasidagi hamjihatlik toʻgʻrisidagi Memorandum loyihasi tayyorlanib, shayx Al Naxayan tomonidan maʼqullangandan soʻng, Birlashgan Arab Amirliklari IIV Protokol xizmati rahbari Said Al Nayimiga topshirilganini qayd etdi. Uchrashuv yakuniga koʻra, tomonlar hamkorlik borasida bir qator kelishuvlarni qabul qilishdi.
Shu kuni delegatsiyasi aʼzolari Birlashgan Arab Amirliklari IIV Bosh inspektori, general-mayor Ahmad Nosir al-Raisi bilan uchrashdi. Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi rahbari Interpol Ijroiya qoʻmitasi saylovlarida uning nomzodini qoʻllab-quvvatlagani uchun Oʻzbekiston IIVga minnatdorlik bildirdi hamda Interpol Ijroiya qoʻmitasidagi faoliyati davomida Oʻzbekistonning barcha takliflari va kelgusidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Oʻz oʻrnida, D.Nazarmuxamedov jinoyatchilikka qarshi kurashish va shaxslarni qidirishda mamlakatning ichki ishlar organlari tomonidan koʻrsatilayotgan koʻmak uchun tashakkur bildirdi.
Taʼkidlash joizki, delegatsiyamiz aʼzolari bir qator yaqin hamda uzoq xorij mamlakatlaridagi hamkasblari bilan uchrashib, oʻzaro ishchan va samarali muzokaralar olib borishdi. Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi tashabbusi va taklifi bilan Interpol Bosh kotibi Yurgen Shtok bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.
Interpol Bosh kotibi davlatimiz delegatsiyasi aʼzolarini Interpolning bir qator tadbirlarini, jumladan, seminar va treninglarni oʻtkazishga oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Suhbat davomida tomonlar Interpol oldida turgan dolzarb vazifalarni muhokama qilindi.
Tadbir kun tartibiga koʻra, delegatsiya rahbari Turkiya IIV delegatsiyasi rahbari Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Mexmet Ersoy bilan ham uchrashdi. Doʻstona va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan suhbat jarayonida tomonlar terrorizm va ekstremizm, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda axborot almashinuvi, uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish hamda qidiruv faoliyati sohasida tomonlarning oʻzaro hamkorligi va uni takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Rejaga asosan, Malayziya Qirollik politsiyasi bosh komissari Tan Sri DatoʻSri Muxammad Fuzi Bin Xarun bilan Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda D.Nazarmuxamedov Malayziya politsiyasi bilan hamkorlik masalalari yangi pogʻonaga koʻtarilganini qayd etdi. Har ikki mamlakat delegatsiya rahbarlari kelajakdagi hamkorlikni yuqori darajaga koʻtarish, oʻzaro maʼlumot almashish, jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishida tajribalari bilan oʻrtoqlashish masalalarida kelishib oldilar.
Assambleya doirasida rejaga koʻra, D.Nazarmuxamedov Afgʻoniston Islom Respublikasi Ichki ishlar vazirining xavfsizlik masalalari boʻyicha katta oʻrinbosari, general Axtar Moxammad Ibraximi bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari tomonidan keyingi yillarda oʻzbek-afgʻon hamkorlik munosabatlari sezilarli darajada oʻzgargani qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlar bilan qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishga, shu jumladan, Afgʻonistonda tinchlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga ustuvor tashqi siyosiy masala sifatida qarashi bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasining Interpol Bosh Assambleyasining 87-sessiyasidagi ishtiroki yakuni, shuningdek, oʻtkazilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar natijasiga koʻra zarur tavsiyalar ishlab chiqildi va bir qator amaliy takliflar kiritildi.