O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili bilan uchrashuv
2018-11-26 | Siyosat
2018-yilning 23-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida bugun Bryussel shahrida oʻz ishini boshlaydigan navbatdagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvi kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Oʻzbekiston bilan Yevroittifoq oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, 2019-yilga rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochish imkoni beradi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston bilan Yevroittifoq oʻrtasidagi kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha 23-noyabrda boshlanayotgan muzokaralar tomonlarning oʻzaro aloqalarni izchil mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi istaklaridan darak beradi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar bizning bozorimizda Yevropa biznesi va investitsiyasining yanada kengroq ishtirok etishi hamda oʻzaro savdo hajmining ortishi uchun katta imkoniyatlar berishi eʼtirof etildi. 2018-yilning 9 oyi mobaynida Oʻzbekiston va YI oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2,23 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 17% ga koʻpligi yuqoridagi fikrning tasdigʻidir.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari 2018-yilning 27-mart kuni Federika Mogerini boshchiligidagi YI delegatsiyasi ham ishtirok etgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi qarorlarini amalga oshirish jarayonini ham muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida Federika Mogerini Abdulaziz Kamilovga Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini taqdim etdi. Ushbu hujjat 1999-yil 1-iyuldan buyon amal qilayotgan Oʻzbekiston va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga aʼzo davlatlar oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim oʻrnini bosishi kutilmoqda.