O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish va tashqi savdoni ragʻbatlantirish yoʻllari muhokama qilindi

2018-11-23 | Iqtisodiyot

Toshkentda tashqi va ichki mahsulot hamda xizmatlar bozorlarida oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish masalalari boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Tadbir yakunlari boʻyicha bojxona maʼmuriyati tizimini hamda Oʻzbekistonda tashkil etilgan erkin iqtisodiy hududlarning faoliyatini takomillashtirishga oid tavsiyalar tayyorlandi.

Seminar tarmoq vazirliklari, idoralari, taʼlim sektori, NNT, ITI sohasining yuzga yaqin mutaxassisi va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir yerga toʻpladi. Maʼruzachilar sifatida yetakchi mahalliy ekspertlar bilan bir qatorda Vengriya, Germaniya, AQSH, Rossiya, xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar.

Birinchi sessiya doirasida xalqaro savdoni rivojlantirishda Yevropa Ittifoqi va MDH davlatlarining ilgʻor tajribasini qoʻllash masalalari, shuningdek Oʻzbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, maʼruzachilarning chiqishlari xalqaro savdoni ilgari surish uchun zarur hisoblangan bojxona islohotlariga qaratildi. Bu mamlakatimiz uchun dolzarb mavzu, chunki ekspertlarning baholashlariga koʻra, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda aynan bojxona tartib-taomillariga sezilarli mablagʻ va vaqt sarflanadi.

Ikkinchi sessiya Oʻzbekistonning eksport salohiyatini va mahalliy qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari mahsulotining eksportini oshirish masalalariga bagʻishlandi. Ekspertlar mamlakat agrosektorining raqobatga oid ustunliklarini qayd etib, shuningdek Oʻzbekiston uchun potensial jozibaga ega boʻlgan tashqi bozorlar taqdimotini oʻtkazdilar.

Jumladan, erkin iqtisodiy hududlarni rivojlantirish, tarmoq klasterlari va texnoparklarni shakllantirish masalalari boʻyicha sessiya seminarni yakunlab berdi. Bugungi kunda davlatimizda 21ta erkin iqtisodiy hudud faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularning 9tasi sanoat, 7tasi farmatsevtika, 2tasi qishloq xoʻjaligi, shuningdek turizm, transport-logistika va sport jihozlarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan. Oʻzbekistonda erkin iqtisodiy hududlarning rivojlanish tezligidan kelib chiqqan holda, ekspertlarning taqdimotlari erkin iqtisodiy hududlarni samarali boshqarish, sanoat hududlari va klasterlarini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor tajriba, kichik sanoat hududlari faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari kabi dolzarb mavzularni qamrab oldi.

Seminar yakunlari boʻyicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning tashqi bozorlardagi pozitsiyalarini kuchaytirish masalalari boʻyicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Seminar Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, BMTTD, shuningdek Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi Elchixonasi tomonidan tashkil etildi.

Поделиться