O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Termizda asal eksportchilari bilan muloqot oʻtkazildi
2018-11-20 | Jamiyat
Asal qadim zamonlardan inson tanasi uchun eng foydali mahsulotlardan biri hisoblangan. Tarkibida zaruriy fermentlarning yuqori miqdori va tabiiy asalning qarishni sekinlashtirish qobiliyati, shifobaxsh xususiyatlari uni bebaho neʼmat sifatida qadrlanishiga asos boʻlgan.
Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, asal xolesterinning oksidlanish jarayonini sekinlashtiradi, shu bilan birga insultga uchrash ehtimolini jiddiy ravishda kamaytiradi. Shu sababli boʻlsa kerak asalning isteʼmol bozoridagi oʻrni beqiyosdir.
Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Dehqon bozorida asal yarmarkalari tashkil etilib unda viloyatdagi asalarichilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar oʻz mahsulotlarini ichki bozor bilan bir qatorda qoʻshni Afgʻoniston, Tojikiston va Turkmanistonlik tadbirkorlarga ham taqdim etmoqdalar.
Shuningdek ushbu yarmarkada barcha masʼul tashkilotlar qatorida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari xam ishtirok etishdi. Unda soha mutaxassislari asalarichilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar bilan suhbatda boʻlishib, kelajakda asal eksportini yoʻlga qoʻyish xamda eksport operatsiyalari boʻyicha maʼlumot berdilar.
Xususan, bojxona xodimlari “Surxon asali” MCHJ rahbari Gʻ.Begimov bilan boʻlgan suhbatda, tadbirkor Surxon vohasidagi asalarichilik boshqa hududlarga nisbatan imkoniyati yuqori ekanligini, buning sababi esa voha iqlimi bir muncha iliqligi tufayli asalarilar boshqa viloyatdagi asalarilardan koʻra qishki fasldan 20-45 kun ertaroq uygʻonib, koʻproq asal olish imkonini berishini taʼkidladi.
Bundan tashqari tadbirkor Gʻ.Begimov asal eksport imkoniyatini yanada oshirish maqsadida viloyat hududida asalarichilikni sezilarli rivojlantirish va eksport qilish uchun kamida 10 ming gektargacha beda, qovun-tarvuz, makkajoʻxori, kungaboqar yoki gulchilik ekinlarini koʻpaytirish kerakligini taʼkidladi.
Uchrashuvda bildirilgan takliflar tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan oʻrganilib, uning yechimi yuzasidan oʻzlariga vazifalarni belgilab oldilar.