O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-Shveysariya siyosiy maslahatlashuvlari toʻgʻrisida
2018-11-20 | Siyosat
2018-yilning 19-noyabr kuni Bern shahrida Oʻzbekiston-Shveysariya siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov, Shveysariya Konfederatsiyasi delegatsiyasiga Federal tashqi ishlar departamenti davlat kotibi oʻrinbosari Kristina Marti Lang boshchilik qildi.
Muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik holati va uni faollashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilda Shveysariyaga tashrifini tashkillashtirish va uni muvaffaqiyatli oʻtkazishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
Suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzaro savdoda tovar va xizmatlar turlarini kengaytirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ikki davlat biznes vakillarini hamkorlikka keng jalb etishga tomonlar tayyor ekanligi taʼkidlandi. Shu oʻrinda kelgusi yilning birinchi yarmida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 8-majlisini oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro muammolarning muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shu kunning oʻzida Shveysariya Federal majlisi Milliy kengashining (parlament) xalqaro parlamentlararo aloqalar xizmati rahbari Klaudio Fisher, Federal moliya departamenti Davlat kotibi Yorg Gasser va Shveysariya tashqi siyosat idorasining suv masalalari boʻyicha yangi tayinlangan Maxsus Elchisi Gay Bonvin bilan muzokaralar oʻtkazildi.