O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Prezidentining sovgʻasi Afgʻonistonga topshirildi
2018-11-20 | Siyosat
Qobul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 25 ta avtobusni Afgʻoniston Islom Respublikasi Oliy taʼlim vazirligiga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimiz rahbarining afgʻon xalqiga tuhfasini Oʻzbekiston Elchisi Yadgarxoja Shadmanov topshirdi.
Marosimda soʻzga chiqqan vazirlik va idoralarning rasmiy vakillari barcha sohalardagi Afgʻoniston – Oʻzbekiston munosabatlarining sezilarli darajada faollashganini, bu, avvalo, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va qoʻshni Afgʻoniston bilan doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan siyosat bilan chambarchas bogʻliqligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
“Savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, Afgʻonistonga yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashish va uni mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayonlariga tortish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga qaratilgan Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari yuksak eʼtirofga loyiq”, – dedi transport vaziri Muhammad Hamid Tahmasiy.
Oliy taʼlim vaziri Najibulla Xoʻja Omariy Oʻzbekiston Prezidentiga afgʻon xalqiga qilingan muhim sovgʻa uchun chuqur minnatdorchilik izhor etdi va ushbu hodisa Oʻzbekistonning Afgʻoniston xalqiga birodarlarcha munosabatining yorqin namunasi ekanligini qayd etdi.
Moliya vaziri oʻrinbosari Abdulla Raqibiy Afgʻonistonda urush davom etayotganligiga qaramay ikki davlat oʻrtasida kelajakda hamkorlikning sezilarli istiqbollari mavjudligini eʼtirof etdi: “Biz oʻzbek xalqidan bizning ehtiyoj va orzu-umidlarimizga doimiy eʼtibor qaratayotgani uchun samimiy minnatdormiz. Tinch va gullayotgan Afgʻonistonga ishonuvchi birodarlar va haqiqiy doʻstlargina shunday yoʻl tutadilar”.