Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Innovatsion texnologiyalar asosida ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda mamlakatimizda barcha sohalarni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor samarasida "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va uning tizimidagi korxonalarda innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Mintaqadagi rangli metallar ishlab chiqarishda yetakchi korxona hisoblangan hamda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda ilgʻor korxonalaridan boʻlgan kombinat oʻz tarkibida konchilik, metallurgiya, kimyo, geologiya-qidiruv, transport, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarni qamrab olgan qirqdan ortiq tarkibiy boʻlinmalarga ega.
Bugungi kunda kombinatda amalga oshirilayotgan koʻp sonli investitsion loyihalar yanada ahamiyatliroq istiqbol yoʻllarini ochib bermoqda.
Kombinatda Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etilgan boʻlib, uning mablagʻlari yangi texnik ishlanmalar, uslub va texnologiyalar, tajriba-sanoat tadqiqotlari, tajriba mahsulotlarini seriyali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun tayyorlov tadbirlarni realizatsiya qilish, ilmiy tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan shartnomlarni bajarish, informatsion ilmiy-texnik resurslar va adabiyotlarni xarid qilishga yoʻnaltirilmoqda.
Anjumanda jurnalistlar savollariga javob berildi.
D.Sunnatov, OʻzA