O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yilning eng yaxshi toʻgarak rahbari aniqlandi
2018-11-15 | Ta’lim
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini unumli va oqilona tashkil etish, ularning isteʼdodini kashf qilish, kasblarga boʻlgan qiziqishini shakllantirishda “Barkamol avlod” bolalar markazlarining ahamiyati beqiyos. Bugungi kunda ularda faoliyat koʻrsatayotgan pedagoglar bolalarning qiziqishini toʻgʻri yoʻnaltirish, ularning bilim olishga boʻlgan ishtiyoqini kuchaytirish, isteʼdodini erta aniqlashga faol hissa qoʻshmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 13-noyabr kuni Toshkent shahar Yashnobod tuman “Barkamol avlod” bolalar markazida “Yilning eng yaxshi toʻgarak rahbari” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichi oʻtkazildi. Tanlovdan koʻzlangan maqsad “Barkamol avlod” bolalar markazlarida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, samarali natijalarga erishgan pedagoglarning ish tajribasini ommalashtirishdan iboratdir.
Mazkur tanlov 3 bosqichda tashkil etilib, ilk bosqichlarida mamlakatimizdagi barcha “Barkamol avlod” bolalar markazlarining 1200 nafardan ziyod toʻgarak rahbarlari faol ishtirok etdi. Ulardan viloyat bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 42 nafar toʻgarak rahbarlari koʻrik-tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etishdi.
Yakuniy bosqichda qatnashchilarning uslubiy-pedagogik faolligi, toʻgarak ishining samaradorligi, amaliy mashgʻulot, test topshiriqlari, oʻquvchilarni toʻgaraklarga tobora koʻproq jalb etish borasidagi bilim va koʻnikmalari sinovdan oʻtkazildi.
Tadbirda Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov, vazirlikning tegishli boshqarmalari xodimlari, tanlovning respublika bosqichi hakamlar hayʼati aʼzolari hamda koʻrik-tanlovning hududiy bosqichi gʻoliblari ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, quyidagi ishtirokchilari “Yilning eng yaxshi toʻgarak rahbari” koʻrik-tanlovi gʻoliblari deb topildi.