Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oiladagi tarbiya, odob qadriyatlari mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazadi.
Yosh avlodda maʼnaviy-axloqiy, odob qadriyatlarini va ota-onaga hamda katta yoshdagi insonlarga hurmatni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy va madaniy-ilmiy salohiyatini oshirish borasida xalqaro tajribani keng oʻrganish va mamlakatimizda ommalashtirish masalalarida fikr almashish uchun xorijiy davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirokida xalqaro konferensiya oʻtkazadi.
Anjumanni oʻtkazishdan maqsad farzand tarbiyasida oilaning masʼuliyatini oshirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, sogʻlom turmush tarziga amal qilishda bolaning oilada yashash va tarbiya qilish huquqini taʼminlash, barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning oʻrni va rolini oshirish kabi masalalar boʻyicha xorijiy va mahalliy mutaxassislar bilan fikr almashish va tajribalar oʻrganishdir.
Xalqaro konferensiyada oʻndan ortiq chet el mamlakatlaridan tashrif buyurgan professor-olimlar, oilashunos olimlar, professor-oʻqituvchilar, psixologlar, islomshunoslar ishtirok etishadi. Chet ellik mutaxassislar oʻzlari olib borgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, izlanishlar natijalari bilan oʻrtoqlashadilar.