O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi
2018-11-10 | Sog‘liqni saqlash
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan joriy yil 9-noyabr kuni Turkiston sanʼat saroyida bayram tantanalari boʻlib oʻtdi. Unda hukumat vakillari, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, tibbiyot sohasi fidoyilari jam boʻlishdi.
2006-yil 12-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari bayrami sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bu galgi bayram tadbiri har yilgidan-da koʻtarinki kayfiyatda tashkil etildi.
Tantanali tadbirda qayd etilganidek, soʻnggi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi sogʻliqni saqlash tizimi rivojiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qisqa davr ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 130 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar tibbiyot rivojida asos boʻlib xizmat qilyapti. Ularda belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotgani sohani yanada yaxshilash, aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar sifatini oshirish, arzon va sifatli dori-darmon, zamonaviy tibbiy buyumlar bilan taʼminlash, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, bilimli va tajribali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha bir qator islohotlarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Eʼtiborli tomoni, davlat byudjetidan sogʻliqni saqlash tizimini moliyalashtirishga ajratilayotgan mablagʻlar yildan-yilga koʻpaymoqda. Joriy yilda sohaga 9,6 trillion soʻm yoʻnaltirildi, bu oʻtgan yildagiga nisbatan 1,4 barobar koʻp.
Aholi eng koʻp murojaat qiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya boʻgʻinida avvallari mavjud boʻlmagan ijtimoiy dorixona va kunu-tun ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchasiga ega 793 ta qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etildi. Ularda beshta yoʻnalishda yaʼni, amaliyot vrachi bilan birga, terapevt, xirurg, pediatr, stomatolog, ginekolog kabi tor mutaxassislar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, tibbiy xodimlarning mehnati samaradorligini reyting baholash tizimi joriy qilindi. Shifokor qabuliga yozilish va maʼlumotlar bazasini shakllantirish boʻyicha “Elektron poliklinika” tizimiga bosqichma-bosqich oʻtilmoqda.
Shuningdek, ona va bola salomatligi, Shoshilinch tibbiy yordam tizimidagi oʻzgarishlar, dori-darmon taʼminotidagi oʻzgarishlarni ham alohida eʼtirof etish mumkin. Aholiga ixtisoslashtirilgan xizmatni yaqinlashtirish yildan-yilga kengayib boryapti. Hozirda nevrologiya va insult yoʻnalishi hisobiga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari soni 16 taga yetdi.
Tibbiyotni yanada isloh qilish va sifat darajasini oshirish borasida izchil saʼy-harakatlar bir zum boʻlsa-da toʻxtagani yoʻq. Bu borada ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilib, yurtimizdagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Tibbiyot tizimining 2025-yilgacha moʻljallangan 7 yillik rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur bayram tadbirida “Yilning eng yaxshi shifokori” koʻrik-tanlovi doirasida “Yilning eng yaxshi kardiologi”, “Yilning eng yaxshi terapevti”, “Yilning eng yaxshi xirurgi”, “Yilning eng yaxshi pediatri”, “Yilning eng yaxshi neonatologi”, Yilning eng yaxshi akusher-ginekologi”, “Yilning eng yaxshi sogʻliqni saqlash tashkilotchisi”, “Yilning eng yaxshi infeksionist vrachi”, “Yilning eng yaxshi sanitariya-epidemiologiya vrachi” kabi jami 30 nominatsiya boʻyicha 1-, 2- va 3-oʻrinlarga munosib koʻrilgan sohaning fidoyi xodimlari diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.