Maktab-internatlari faoliyatiga bagʻishlangan seminarda nimalar muhokama qilindi?
Xorazm viloyati Urganch shahrida hududlardagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida amalga oshirilgan ishlar, 2020-2024 yillar boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab olish hamda manzilli strategiyalarni ishlab chiqish yuzasidan respublika amaliy seminari tashkil qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustdagi “Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Sh. Moʻmindjanov, vazirlikning fan, sport va taʼlim muassasalarini ilmiy-metodik taʼminlash boshqarmasi boshligʻi A.Hasanov, viloyatdagi sohaga aloqador idora va muassasalar masʼul xodimlari ishtirok etishdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Seminar davomida ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda vazirlik tizimidagi taʼlim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ijro intizomi, huquqiy-normativ hujjatlarning yuritilishi boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf qilish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.
Seminar ishtirokchilari Urganch ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati sport obyektlari, moddiy-texnik bazasi, oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Ikrom Avvalboyev, OʻzA