O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro festivalga tayyorgarlik boshlandi

2018-11-09 | Jamiyat

Qoʻqon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida keng koʻlamli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ishchi guruh faoliyati shakllantirilib, xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayoti, milliy hunarmandchiligini butun dunyoga keng targʻib etish hamda turizmni rivojlantirish sohasida koʻzda tutilgan vazifalar ijrosiga astoydil kirishildi.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bugun barcha fargʻonaliklarni mamnun etmoqda. Zero, bu nufuzli tadbir Qoʻqon shahrining xalq amaliy sanʼati va turizm salohiyatini jahon miqyosida namoyish etishda muhim ahamiyatga ega.
 
– Qoʻqon shahrida 62 ta madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, Xudoyorxon oʻrdasi, Jomeʼ masjidi, Norboʻtabiy va Sohibzoda Hazrat madrasalari, Modarixon dahmasi va Dahmai shohon kabi ziyoratgohlar hamisha sayyohlar eʼtiborida boʻlib kelmoqda, – deydi Fargʻona va Namangan viloyatlari boʻyicha mintaqalararo madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasi rahbari Saidumar Usmonov. – Festivalga tayyorgarlik jarayonida har bir madaniy meros obyekti boʻyicha turli tillarda bukletlar tayyorlash, tashrif buyuruvchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
 
“Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshligʻi Rasuljon Mirzaahmedovning aytishicha, bugungi kunda Qoʻqon shahrida faoliyat koʻrsatayotgan mingdan ziyod hunarmandlarning 300 nafari uyushma aʼzosi hisoblanadi. Xalq amaliy sanʼati va yogʻoch oʻymakorligi sohasida Qoʻqon maktabini yaratgan Qodirjon Haydarovning oltinchi avlodi boʻlgan Mirzayunus Umarov sulola anʼanalarini faxr bilan davom ettirib kelmoqda. Mamlakatimiz va xorijda mashhur yogʻoch oʻymakor usta sifatida tanilgan qahramonimiz festivalga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Sulolaning yettinchi avlodi boʻlgan farzandlari – Otabek, Jamshid va Jahongir hamda oʻnlab shogirdlarini yoniga olib, turli naqshlar bilan bezatiladigan ayvon va ustunlar, nozik did bilan ishlov beriladigan tarixiy buyumlar, esdalik sovgʻalari tayyorlamoqda. Bu mahsulotlar festival kunlari koʻrgazmaga qoʻyilib, dunyoning turli qitʼalaridan tashrif buyuradigan mehmonlar hayratiga sazovor boʻlishiga shubha yoʻq.
 
Ayni kunlarda festivalni oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilmoqda. Belgilangan vazifalar doirasida uch yulduzli 50 oʻrindan kam boʻlmagan, jahon andozalari talablari darajasidagi koʻp qavatli mehmonxonalar qurish, milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazma va savdolarini tashkil etish, xorijiy va mahalliy sayyohlarni doimiy jalb etish maqsadida sayyohlik agentliklari bilan hamkorlikda turistik marshrutlar sonini oshirish singari muhim yumushlar rejalashtirilmoqda. Shuningdek, festival brendi – logotipini yaratish borasida ham saʼy-harakatlar boshlangan.
 
Yaqinda ish boshlagan “ASMALD” mehmonxonasi zamonaviy qulayliklari va dizayni bilan mehmonlarga manzur boʻladi. Tadbirkor Mohidil Nazirovaga “nol” qiymatda ajratilgan ushbu qarovsiz bino oʻrnida qisqa fursatda ikki qavatli, 67 oʻringa moʻljallangan muhtasham mehmonxona qad rostladi. Yevropa standarti asosida qurilgan mazkur inshootda ikkita anjumanlar zali, restoran, fitnes-klub, choʻmilish havzasi kabi qoʻshimcha xizmat turlari mavjud. Bu yerda hozircha 21 ta yangi ish oʻrni yaratilgan boʻlib, faoliyat koʻlami va xizmat turlarini kengaytirish hisobiga yaqin vaqt ichida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish asosiy maqsad qilingan.
 
– Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida Hindiston, Xitoy, Turkiya singari xorijiy davlatlar hamda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan mehmonlar yaratilgan sharoitlardan mamnun boʻldi, – deydi mehmonxona rahbari Mohidil Nazirova. – Festival kunlari tashrif buyuruvchilar uchun chegirmalar eʼlon qilish, bepul qoʻshimcha xizmat turlari tashkil etish moʻljallanmoqda. Hozirgi kunda mehmonxonani Qoʻqon shahrining tarixiy ziyoratgohlari haqidagi fotolavhalar, rassomlarning ijodiy ishlari, xalq amaliy sanʼati namunalari bilan bezash ishlari olib borilmoqda. Bir necha tilda bemalol soʻzlasha oladigan gid-tarjimonlar bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda.
 
Taʼkidlash joizki, xalqaro festivalga tayyorgarlik davomida latif shahar oʻz goʻzalligini butun dunyoga yana bir bor namoyon etadi. Qoʻqoncha mulozamat, mehmondoʻstlik hamda milliy hunarmandchilik va tadbirkorlik sohasidagi ulkan salohiyat barcha-barchada unutilmas taassurot qoldiradi.
 

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA

Поделиться