O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Besh yil mobaynida ayollar tadbirkorligi uchun 236 milliard soʻmdan ortiq imtiyozli kredit ajratilgan

2018-11-09 | Iqtisodiyot

Toshkent viloyatida keyingi 5 yil mobaynida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan 8 ming 300 nafardan ziyod xotin-qizga tijorat banklari tomonidan 236 milliard soʻmdan ortiq imtiyozli kredit ajratilgan. 

Joriy yilda ish soʻrab murojaat qilgan ayollarning qariyb 10 ming nafari iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ishga joylashtirilgan, 900 dan ziyod xotin-qizga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. 800 nafardan ziyod ayollar kasb-hunarga oʻqitilgan boʻlsa, qariyb 5 ming 600 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan. 

Oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, xonadonda qoramol va parrandachilikni rivojlantirish, issiqxona tashkil etish istagini bildirgan 1 ming 45 nafar ayolga 55 milliard 470 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. 

Oʻtgan davr mobaynida oilalar turmush tarzi, muammolarini oʻrganish maqsadida respublika hamda viloyat ishchi guruhlari tomonidan oʻtkazilgan muloqotlar natijasida 30 ming 869 nafar nogironligi boʻlgan, shu jumladan, ijtimoiy ahvoli juda ogʻir, uy-joyga muhtoj 1 ming 245 xotin-qizga alohida eʼtibor qaratilgan, ularning 206 nafariga uy-joy berilgan. 1 ming 500 dan ziyod ayolga 1 milliard 263 million soʻmlik moddiy yordam koʻrsatilib, 1 ming 116 nafari doimiy ish bilan taʼminlangan. 

Toshkent viloyati xotin-qizlar qoʻmitasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida shular haqida maʼlum qilindi. 

Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat boshqaruvi va tadbirkorlik sohasidagi ishtirokini kengaytirish, isteʼdod va salohiyatini yuzaga chiqarishga koʻmaklashish, ayniqsa, ehtiyojmand xotin-qizlarni uy-joy va muqim ish bilan taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. 

Anjumanda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, yoʻl qoʻyilgan kamchilik va muammolar ham tahlil etildi. Jumladan, joriy yilda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga kamaygani holda, viloyatning Oʻrta Chirchiq, Chinoz va Parkent tumanlarida oshgan. 

Bu borada xotin-qizlar, ayniqsa, balogʻat yoshidagi oʻsmir qizlar bilan ishlash, ushbu yoʻnalishda oila, taʼlim muassasasi va mahalla hamkorligini yanada mustahkamlash, qizlarni oilaga tayyorlash masalasiga katta masʼuliyat bilan yondashish lozimligiga alohida eʼtibor qaratildi. 

Konferensiyada O.Parpiboyeva viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi raisi etib qayta saylandi. Shuningdek, viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi boshqaruvi aʼzolari, nazorat-taftish komissiyasi tarkibi, komissiya raisi hamda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi konferensiyasiga delegatlar saylandi. 

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyeva, Toshkent viloyati hokimi Gʻ.Ibragimov ishtirok etdi. 

 

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA

Поделиться