O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi tugʻilgan chaqaloqlar hayotini saqlash – muhim masala
2018-11-09 | Sog‘liqni saqlash
Poytaxtimizda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va YUNISЕFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda yangi tugʻilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish va ularni parvarishlash sifatini yaxshilash masalalari muhokama etildi.
Yurtimizda aholiga, xususan, bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, xalqaro ekspertlar va hududlardan kelgan sogʻliqni saqlash tizimi mutaxassislari qatnashdi.
Unda soʻz olganlar yurtimizda tibbiyot sohasini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar zamirida bolalar, yangi tugʻilgan chaqaloqlar hayotini saqlash va ular salomatligini muhofaza qilish choralari mujassam ekanini taʼkidladi.
BMTning yaqinda eʼlon qilingan bolalar oʻlimi haqidagi global hisobotiga koʻra, dunyo miqyosida bolalarning tirik qolishida sezilarli muvaffaqiyatga erishilgan. Shunga qaramasdan, 2017-yilning oʻzida 5,4 million bola besh yoshga toʻlmasdan nobud boʻlgan. Ularning 2,5 millioni bir oylik bolalardir.
– Oʻzbekiston hukumatining bolalar hayotini saqlab qolish borasidagi saʼy-harakatlari eʼtirofga loyiq, – dedi YUNISЕFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. – Chunki bu mamlakatda 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimining oldini olishda sezilarli muvaffaqiyatga erishildi. Biroq yangi tugʻilgan chaqaloqlarning nobud boʻlish koʻrsatkichi hali ham yuqori. Yangi tugʻilgan chaqaloqlar va onalar salomatligini yaxshilash mamlakatning umumiy rivojlanishi uchun ham juda muhimdir. Shu sababli bugungi anjumanda bu jihatlar tahlil etilib, mutaxassislar koʻmagida zarur choralar koʻrish va tavsiyalar ishlab chiqish amaliy ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda yangi tugʻilgan chaqaloqlar salomatligi muhofazasi boʻyicha yurtimizdagi holat tahlil qilinib, bu masala yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA