O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi: ayollarning kasb tanlash imkoniyatlari kengaytirilishi zarur
2018-11-06 | Jamiyat
Oʻzbekiston Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi belgilangan.
Shundan kelib chiqib qator qonun hujjatlarida mazkur tenglikni taʼminlash boʻyicha qoidalar kiritilgan.
Xususan, Mehnat kodeksiga muvofiq jinsi, yoshi, irqi, millati kabi mehnatga aloqador boʻlmagan boshqa jihatlarga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida cheklashlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shu bilan birgalikda, hozirgi kunda amalda boʻlib turgan ayrim qonun hujjatlarida ayollarning mehnat qilish huquqini cheklanish holatini koʻrish mumkin.
Masalan, ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxati (http://lex.uz/docs/815783) bilan jami 400 ga yaqin kasblarda ayollarning ishlashi taqiqlangan.
Taʼkidlab oʻtish lozimki, mazkur hujjatning qabul qilinganiga 18 yildan oshdi. Texnika taraqqiyoti tufayli bundan 15-20 yillar avval ayollar ishlatishi qiyin boʻlgan ayrim texnik uskunalar hozirda ayollar ham bemalol ishlata oladigan darajaga yetdi.
Masalan, mazkur hujjatga koʻra ayollarning yoʻlovchilar soni 14 ta dan koʻp sigʻimli avtobuslarning haydovchisi boʻlib ishlashi taqiqlanadi. Vaholanki, hozirgi kunda ushbu rusumdagi transport vositasini boshqarish uchun juda katta jismoniy kuch talab qilinmaydi.
Shu sababli ham ayollar huquqlarini cheklanishini oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan mazkur hujjat (http://lex.uz/docs/815783) manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda qayta koʻrib chiqilmoqda.
Yuqoridagilarga koʻra, mazkur Roʻyxatni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Telegram messenjeridagi @qonunchilikbot botiga yoki d.umarov@adliya.uz elektron pochta manziliga yuborishingizni soʻraymiz.