O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2019 yilda asosiy eʼtibor xalqimiz turmushi farovonligini taʼminlashga qaratiladi

2018-11-05 | Siyosat

Vazirlar Mahkamasida 2019 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining soliq va byudjet siyosati konsepsiyasi hamda Davlat byudjeti loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan majlis boʻlib oʻtdi.

Unda senatorlar, deputatlar, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov olib bordi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar xalqimiz turmushi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilib, Davlat byudjeti daromadlari oshishiga, uning maqsadli sarflanishiga xizmat qilmoqda.

Majlisda dastlab 2018 yilgi Davlat byudjeti ijrosi haqida maʼlumot berildi. Hozirgi hisob-kitoblarga koʻra joriy yilda Davlat byudjeti daromadlari 2017 yilga nisbatan 49,9 foizga oshib, 74 trillion 500 milliard soʻmni tashkil etishi kutilmoqda. Daromadlarning oshishida iqtisodiyotni liberallashtirish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xoʻjaligida oʻzaro hisob-kitoblarning tartibga solinishi, kapital quyilmalar hajmi ortishi oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi.

Mahalliy hokimliklarning vakolatini kengaytirish va rejadan oshirib bajarilgan daromadlarni hududlarning oʻz ixtiyorida qoldirilish mexanizmini joriy etish natijasida 2018 yil yakunlari bilan mahalliy byudjetlarda 5,5 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ qolishi kutilmoqda.

2018 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 78 trillion 500 milliard soʻmni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Joriy yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi keng miqyosli dasturlarni amalga oshirish uchun zamin yaratildi. Bu maqsadlar uchun 2 trillion soʻmdan ziyod, arzon uy joylar qurilishini moliyalashtirishga 3,6 trillion soʻm, aholini ish bilan taʼminlash tadbirlariga esa 350 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Xalqimiz turmush darajasini oshirish maqsadida byudjetdan toʻlanadigan oylik, stipendiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan kam boʻlmagan miqdorda oshirish siyosati davom etadi.

2019 yilda Davlat byudjeti daromadlari 102 trillion 600 milliard soʻm boʻlishi prognoz qilinmoqda. Joriy yil koʻrsatkichlari bilan taqqoslaganda Davlat byudjetiga tushumlar yalpi ichki mahsulotning nominal oʻsishiga mos ravishda 37,8 foizga oshadi.

Ijtimoiy xarajatlarga 57 trillion 800 milliard soʻmdan koʻproq, iqtisodiy xarajatlarga esa 14 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi moʻljallangan.

2019 yilda soliq siyosatida tarixiy oʻzgarishlar davri boʻladi.

Prezidentimizning 2018 yil 28 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu konsepsiya doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq siyosatida mutlaqo yangi tizim joriy etiladi.

Jumladan, mehnatga haq toʻlash fondiga soliq yuki kamaytiriladi. Bu barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, fuqarolarning mehnatga haq toʻlash turidagi daromadlaridan Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan sugʻurta badallarini, davlat maqsadli jamgʻarmalariga yuridik shaxslarning tushumidan undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha, dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlar boʻyicha toʻlov manbaidan ushlab qolinadigan foyda soligʻi stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirish kabi jihatlarda namoyon boʻladi. Pirovardida, aholi daromadlari oʻrtacha 6,5 foizga oshadi.

Yangi soliq siyosatining yana bir muhim jihati shundaki, uning amaliyotga joriy etilishi bilan birgina 2019 yilda 500 mingdan ortiq ishchilar faoliyatini legallashtirishga erishilishi kutilmoqda, “konvertda oylik berish” yashirin amaliyotiga chek qoʻyiladi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, moliya vaziri J.Qoʻchqorov 2019 yilgi byudjet-soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari hamda Davlat byudjeti parametrlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Unga koʻra, maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga 4 trillion soʻm ajratish rejalashtirilgan, umumiy taʼlim xarajatlari 17 trillion soʻmdan oshadi. Sogʻliqni saqlash xarajatlari uchun 12 trillion soʻmdan koʻproq mablagʻ ajratish kutilyapti. Ijtimoiy nafaqalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlari xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻ miqdorini yanada oshirishga eʼtibor qaratiladi.

Majlisda, shuningdek, investitsiya, soliq, bojxona, tadbirkorlik, kommunal xizmatlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim-tarbiya sohasi rahbar xodimlari ham soʻzga chiqib, 2019 yilgi Davlat byudjeti va amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar haqida gapirdi.

Asosiy maqsad aholi yashash sharoitini yanada yaxshilashga qaratilishi taʼkidlandi. 2019 yilgi Davlat byudjeti xarajatlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida uning loyihasini keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyishga kelishib olindi.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA muxbiri

Поделиться