O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2019-yilgi byudjet-soliq siyosatida aholi daromadlari va ish oʻrinlarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi
2018-10-30 | Iqtisodiyot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni joriy yilda davlat byudjetining kutilayotgan ijrosi, 2019-yilga moʻljallangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, byudjet-soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda joriy yil yakuni boʻyicha davlat byudjeti daromadlari 74,5 trillion soʻm, xarajatlari esa 78,5 trillion soʻmni tashkil etishi, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 5,5 trillion soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 6 barobar koʻp mablagʻ qolishi kutilayotgani qayd etildi.
Byudjet xarajatlari 2017-yilga nisbatan 60 foiz yoki 29 trillion soʻmga oshgan. Ushbu mablagʻlarning 5,6 trillion soʻmi “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari va arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga yoʻnaltirildi. Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish, aholini ish bilan taʼminlash uchun “Mikrokreditbank”ka 700 milliard soʻm va “Xalq banki”ga 1 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini oshirishga 4,5 trillion soʻm ajratildi.
Asosiysi, byudjet sohasi xodimlari ish haqlari, pensiya va nafaqalarini inflyatsiya koʻrsatkichidan yuqori oshirish bilan birga tarbiyachilar, oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, profesor-oʻqituvchilar, madaniyat xodimlarining ish haqlari 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi.
Valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xoʻjaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi va kapital quyilmalar oshishi byudjet daromadlari koʻpayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
– Yil yakuniga qadar yana ikki oy bor. Shuning uchun barcha rezervlarni ishga solib, byudjetda yuz berishi mumkin boʻlgan defitsitning oldini olish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda kelgusi yili byudjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy oʻzgarishlar natijasida aholi va biznesga katta yengilliklar yaratilishi taʼkidlandi.
Xususan, 2019-yil 1-yanvardan:
- tushumdan olinadigan majburiy ajratmalarni toʻliq bekor qilish natijadasida korxonalarda qoʻshimcha 5,2 trillion soʻm daromad qoladi;
- jismoniy shaxslar uchun daromad soligʻining eng yuqori stavkasi 22 foizdan 12 foizgacha, yagona ijtimoiy toʻlovi 25 foizdan 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sugʻurta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshadi;
- yuridik shaxslar mol-mulk soligʻi 5 foizdan 2 foizgacha, foyda soligʻi 14 dan 12 foizgacha, kichik biznes subyektlari yagona soligʻi 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilishi natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoladi. Umuman olganda, mavjud 19 ta soliq va majburiy toʻlovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi.
Bunday yengilliklar natijasida byudjet tushumlarini taʼminlash biroz qiyinlashadi. Shu bois yigʻilishda byudjet defitsitini qisqartirish, daromadlarni koʻpaytirish, jumladan, ishchilar soni va ish haqini legallashtirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
2019-yilgi Byudjetnomani, shuningdek, soliq siyosatidagi oʻzgarishlar boʻyicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqib, yaqin vaqt ichida Oliy Majlisga taqdim etish vazifasi qoʻyildi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etish, mavjud imtiyozlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, optimizatsiya qilish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.
2019-yilgi byudjetning xarajatlar qismi muhokama qilinar ekan, Prezidentimiz uni asosan ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yoʻnaltirish zarurligini taʼkidladi.
– Kelgusi yil ham byudjetdan toʻlanadigan oylik, pensiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan kam boʻlmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirishimiz kerak. Bunda oylik maoshining oʻsishi nisbatan past boʻlgan ijtimoiy soha xodimlariga asosiy eʼtibor qaratish, jumladan, tibbiyot xodimlarining oyligini 26,5 foizga, oliy taʼlim va fan muassalalari xodimlari ish haqini 1,5 barobarga oshirish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, ijtimoiy nafaqalar uchun mablagʻlar hajmini 20 foizga koʻpaytirish, umuman, oylik va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning davlat byudjeti xarajatidagi ulushini 49 foizdan 54 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.
Qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Buning uchun imtiyozli shartlarda xorijiy mablagʻlarni jalb etish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida taʼmirlanadigan obyektlarni aniq shakllantirib, 2019-yilgi Investitsiya dasturiga kiritish zarurligi qayd etildi.
Byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi.