Prezidentimizning 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bankrot boʻlgan yoki soliqlarni vaqtida toʻlay olmagan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qayta tiklash uchun muhim huquqiy asos boʻldi.
Farmon ijrosi doirasida olib borilayotgan targʻibot ishlari natijasida Andijon viloyatida 377 fuqaro tadbirkorlik faoliyatini qayta tikladi. Belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishi bilan ularga hisoblangan 5,9 milliard soʻmlik soliq qarzi hisobdan chiqarildi.
– Bir necha yildan buyon moliyaviy jarima boʻyicha qarzlarimni toʻlay olmasdan qiynalib yurgan edim, – deydi yakka tartibdagi tadbirkor Alisher Abdullayev. – Davlatimiz rahbarining farmoniga koʻra, faoliyatimni qayta tikladim. Belgilangan imtiyoz boʻyicha soliq idoralari tomonidan menga hisoblangan 681,3 million soʻm soliq qarzi hisobdan chiqarildi. Ushbu imtiyoz men kabi koʻplab tadbirkorlarning faoliyatini qayta tiklashi, yurt ravnaqiga baholi qudrat hissa qoʻshishiga yana bir bor imkon berdi.
Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan soliq qarzining paydo boʻlish sabablari, toʻlovlarni amalga oshirishdagi muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari masalasiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda shular haqida soʻz yuritildi.
Viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkorlar oʻrtasida keng targʻib qilish, hujjatda belgilangan soliq imtiyozlari, ulardan unumli foydalanish, mazkur yoʻnalishda tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur hujjat asosida yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslar, moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (jumladan, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlar, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullangan jismoniy shaxslar tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan taqdirda qayd etilgan soliq qarzlari, moliyaviy jarimalar va penyalar hisobdan chiqarilishi, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslardan tegishli faoliyat turi boʻyicha oʻrnatilgan stavkadan kelib chiqib hisoblangan bir yillik miqdordagi qatʼiy belgilangan soliqni bir yoʻla undirish tartibi bekor qilingani xususida tushunchalar berildi.
Tahlillarga koʻra, farmonda belgilangan imtiyoz asosida Andijon viloyatida 18 mingdan ziyod fuqaroning 30 milliard soʻmdan ortiq miqdordagi soliq qarzlaridan voz kechilishi mumkin.
Bu kabi targʻibot tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida oʻtkazilmoqda.
F.Ubaydullayev, OʻzA