O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Parlamentlararo hamkorlik — xalqaro munosabatlar rivojida muhim omil

2018-10-29 | Jamiyat

2018 yil 29 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan “Xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Tashqi ishlar, Tashqi savdo, Adliya vazirliklari, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan davra suhbatida deputatlar, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar masʼul xodimlari, olimlar va ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Qayd etilganidek, ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad parlament quyi palatasining xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorligining muhim yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, rivojlangan davlatlar parlamentlarining tajribasini oʻrganish, yurtimizning parlamentlararo aloqalari samaradorligini yanada oshirish boʻyicha taklif, tavsiyalar ishlab chiqish, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy hamda boshqa sohalardagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorligini rivojlantirishga koʻmaklashishdan iboratdir.

Davra suhbati ishtirokchilar taʼkidlaganidek, keyingi ikki yil ichida yurtimiz tashqi siyosati borasida sifat jihatidan yangi, salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yetakchi xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha aniq natijalarga erishdi. Koʻplab oliy darajadagi tashrif va uchrashuvlar, qator dolzarb muammolar yechimini topishga qaratilgan yangi shartnoma va kelishuvlar prinsipial jihatdan yangi mazmundagi hamkorlik uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qildi.

Davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblangan parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash hozirgi davrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi.

Bugungi kunda Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos ravishda yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Yetakchi xorijiy davlatlarning parlamentlari va hukumatlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet mamlakatlarning elchixonalari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik yangicha mazmunda, turli shakllarda amalga oshirilib kelmoqda.

Qator tadbirlar — tashriflar almashish, xorijiy parlamentlar vakillari, siyosatchilar va diplomatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilmoqda.

2018 yilning oʻtgan davri mobaynida Qonunchilik palatasida Gruziya, Yaponiya, Germaniya, Qozogʻiston, Chexiya, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSH, Falastin, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Qirgʻiziston parlamentlari delegatsiyalari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Mamlakatimiz parlamentida qabul qilingan xorijiy delegatsiyalar soni 50 dan oshdi. Shundan 25 tasi parlament va hukumat vakillari hamda 22 tasi mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan elchixonalar va xalqaro tuzilmalar vakillari tarkibidagi delegatsiyalardir.

Shu bilan birga, milliy parlamentimizda tashkil etilgan parlamentlararo hamkorlik guruhlari mamlakatimizning xalqaro hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Qonunchilik palatasida xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha 25 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat koʻrsatmoqda, shundan 17 tasi Senat bilan hamkorlikda tuzilgan.

Har yili “Oʻzbekiston — YEI” parlament hamkorligi qoʻmitasi majlislari oʻtkazilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida “Oʻzbekiston — YEI” parlament hamkorligi qoʻmitasi faoliyati doirasida 13 ta majlis tashkil etilgan boʻlib, ularda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari qatnashgan.

Oʻzbekiston dunyodagi qadimgi va nufuzli parlament tashkilotlaridan biri hisoblangan Parlamentlararo ittifoqda 2017 yilda, shuningdek, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YEXHT) Parlament Assambleyasida 2018 yildan eʼtiboran oʻzining teng huquqli va toʻlaqonli aʼzosi sifatida oʻz ishtirokini tiklashi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi tadbirlarida parlamentimiz vakillarining kuzatuvchi sifatida muntazam ravishda ishtirok etgani ham muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Davra suhbatida parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun rivojlangan davlatlar parlamentlarining qonun ijodkorlik sohasidagi tajribasini oʻrganish, xorijiy mamlakatlar qonunchiligini qiyosiy tahlil qilish, xalqaro amaliyotdan samarali foydalanish yoʻli bilan qonun tashabbuskorligi subyektlari tomonidan qonun hujjatlarini tayyorlash sifatini oshirish zarurligi bugungi davr talabiga aylanib borayotgani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama teng huquqli, oʻzaro manfaatli munosabatlarini tobora rivojlantirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada mustahkamlash va kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Muhokamalar yakunida davra suhbati ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda “parlament diplomatiyasini” kengaytirish orqali xalqaro maydonda mamlakatimiz milliy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Поделиться