O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniyaning Bergen shahrida Markaziy Osiyo davlatlari ekspertlari ishtirokida anjuman boʻlib oʻtdi
2018-10-26 | Ekologiya
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakili 2018-yilning 22-24-oktabr kunlari Germaniyaning Bergen shahrida Markaziy Osiyoda ekologik holat sharoitida iqtisodiy va siyosiy xavfsizlik masalalari muhokamasiga bagʻishlangan anjumanda ishtirok etib qaytdi.
Germaniyaning Bergen shahridagi Vilm qoʻriqxonasida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari va soha ekspertlari ishtirokida Markaziy Osiyoda ekologik holat sharoitida iqtisodiy va siyosiy xavfsizlik masalalari muhokamasiga bagʻishlangan anjuman tashkil etildi.
Tadbir avvalida Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari doktor Tomas Kunse hamda Germaniyaning Tabiatni muhofaza qilish xalqaro akademiyasi rahbari Torsten Xarderlar soʻzga chiqib, ishtirokchilarni eʼtiborini bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida turgan dolzarb ekologik chaqiruvlar hamda tabiat resurslaridan oqilona foydalanishga qaratdilar.
Anjuman davomida ishtirokchilar hududdagi dolzarb ekologik masalalar, xususan Orol muammosi, Rogʻun IES qurilishi, tabiiy resurslarni boshqarish, bu borada umumiy strategiyani ishlab chiqilishi kabi mavzularni muhokama qildilar.
Muhokamalarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori oʻrinbosari Bobur Bekmurodov ishtirok etib, Markaziy Osiyo muammolarini hal kilishda Oʻzbekistonning yangicha faol roli mavzusida maʼruza qildi. Markaz vakili, xususan Oʻzbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasining Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish yoʻnalishi doirasida bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.