O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarbilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2018-10-26 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar (keyingi oʻrinlarda vatandoshlar deb yuritiladi) bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini ragʻbatlantirish, shuningdek, huquq va manfaatlarini toʻlaqonli va har tomonlama himoya qilishga koʻmak berish borasida muhim ishlar amalga oshirildi.
Ayni paytda koʻplab vatandoshlarimiz iqtisodiyotimiz, ijtimoiy soha, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yoʻnalishlarni rivojlantirishga, oʻzlarining tarixiy Vatani – Oʻzbekistonning obroʻsini oshirish hamda uning tashqi dunyo bilan munosabatlarini mustahkamlashda munosib va sezilarli hissalarini qoʻshib kelmoqda.
Shu bilan birga, vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati va dolzarbligi oshayotgan bir paytda, ular bilan samaralihamkorlikni olib borish va islohotlarni sifat jihatdan yaxshilashda ularning salohiyatini jalb qilish borasida quyidagi qator muammolar saqlanib qolmoqda:
davlat organlari va tashkilotlarning vatandoshlar bilan aloqalarni oʻrnatishning samaradorligi past darajada va qisman ekanligi;
iqtisodiy, ijtimoiy, investitsiyaviy, ilmiy-maʼrifiy, madaniy va boshqa ustuvor loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishda vatandoshlarning salohiyatidan oqilona foydalanmaslik;
vatandoshlarning oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini ommalashtirish bilan shugʻullanadigan tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash borasida kompleks va uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi;
xorijda taʼlim olayotgan Oʻzbekiston yoshlari bilan ishlashga yetarli darajada eʼtibor berilmayotganligi, mamlakatga qaytganlaridan keyin ularni ish bilan taʼminlash tizimining yoʻlga qoʻyilmaganligi.
Vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimini yaratish hamda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. Vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy maqsadlari sifatida quyidagilar belgilansin:
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari, istiqomat qilinayotgan davlatning qonunchiligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida xorijdagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
vatandoshlarning Oʻzbekiston madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilishga, uni jahon miqyosida oʻrganish va ommalashtirishga, istiqomat qilayotgan davlatlarida oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli, doʻstona munosabatlarini qurishga oʻz hissasini qoʻshmoqchi boʻlgan vatandoshlar hamda ular tuzgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;
vatandoshlarning Oʻzbekiston hududida professional, shu jumladan, tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyat bilan shugʻullanishlari uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratish;
vatandoshlarning salohiyatini Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga jalb qilish.
2. Quyidagilar:
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi;
Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturining bajarilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi;
Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar orqali moliyalashtiriladi.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni sifatli hamda oʻz vaqtida bajarish va har chorakda ularni amalga oshirish holati borasidagi maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etish boʻyicha shaxsan javobgar ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.
3. Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha Komissiya tashkil qilinsin va uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (A.Komilov):
Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish holatini samarali muvofiqlashtirishni, tizimli monitoringini hamda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ularning bajarilishi boʻyicha maʼlumot taqdim etishni taʼminlasin;
ommaviy axborot vositalarida Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida aniq koʻrsatkichlar va natijalarni ifodalagan holda axborot-tahliliy sharhlarni tizimli ravishda tayyorlash va chop etish boʻyicha choralar koʻrsin;
zarur hollarda vatandoshlar va ularning tashkilotlarini Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga hamda ularning oʻzaro hamkorligini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan dolzarb masalalarni muhokama etishga jalb qilsin;
vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro shartnomalar va boshqa hujjatlarni imzolash boʻyicha choralar koʻrsin, Oʻzbekiston Respublikasining jamoat tashkilotlari hamda vatandoshlarning xorijdagi tashkilotlari oʻrtasidagi aloqalarni, ular oʻrtasidagi almashinuvni ragʻbatlantirsin va qoʻllab-quvvatlasin.
5. Belgilansinki, vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqib, ularga Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq,davlat tomonidan quyidagi qoʻllab-quvvatlash va ragʻbat choralari koʻrsatilishi mumkin:
kirish vizalarini, shu jumladan, koʻp marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsatnoma berish;
yuqori malakali kadrlarni Oʻzbekistonda zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha ishga olish;
ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;
davlat tasarrufidagi boʻsh turgan obyektlarni va yer maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, maʼrifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;
vatandoshlarning oʻqishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini toʻliq (qisman) moliyalashtirish;
vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻzda tutilgan soddalashtirilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini berish;
vatandoshlar – xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr sanʼati, televideniye va radio yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olishlari uchun grantlar ajratish;
vatandoshlarning ommaviy axborot vositalarini Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtishini soddalashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida davlat tomonidan koʻrsatiladigan boshqa qoʻllab-quvvatlash va ragʻbat choralari.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik va masʼuliyatli lavozimlariga jalb qilish borasida zarur chora-tadbirlarni muntazam amalga oshirsin hamda ularga manfaatdor vazirlik va idoralarga ishga kirish, yaqin aloqalar oʻrnatish boʻyicha toʻliq yordam koʻrsatsin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini hamda Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturining amalga oshirilishi holatini yoritish yuzasidan maqolalar va mavzuli dasturlarni tashkil etsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 25-oktabr