O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar mamlakat hayotiga doir muhim qonun loyihalarini muhokama qildilar

2018-10-25 | Jamiyat

2018-yil 24-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini, deyarli har bir davrada, har kuni muhokama mavzusi boʻladigan masalalarni koʻrib chiqdilar.

Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Majlisda deputatlar mamlakatimiz Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 20-bandi ijrosi yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, parlament quyi palatasiga kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini muhokama qildilar.

Mazkur qonun loyihasi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bu sohadagi vakolatlarini kengaytirish hamda faol ishtirokini taʼminlash maqsadini koʻzlaydi.

Ammo qonun loyihasida bir qancha bahsli normalar aks etgani bois deputatlarning haqli eʼtirozlarini keltirib chiqardi. Shu tufayli mazkur qonun loyihasini yanada pishiq-puxta ishlash maqsadida navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritish uchun qoldirish maqsadga muvofiq deb topildi.

Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, ayni paytda qonun hujjatlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi boʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan ushbu hududlarda yashash hamda ishga joylashish bilan bogʻliq qator cheklovlar mavjud. Mazkur cheklovlarga rioya etmaslik fuqarolar va mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. Ushbu qonun loyihasi bunday cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan boʻlib, fuqarolarning ish tanlash, respublika hududida erkin harakatlanish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlari, pasport, bilim olish hamda ishga joylashish bilan bogʻliq boshqa huquqlari amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha muhokama etildi va qabul qilindi.

Shundan keyin deputatlar “Oʻzbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan kvotaning bekor qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini muhokama qilishga kirishdilar.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida koʻrsatib oʻtilgan vazifalar ijrosi yuzasidan parlament quyi palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasining maqsadi Oʻzbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan kvotani bekor qilish orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar nomzodini ilgari suruvchi subyektlar doirasini maqbullashtirish, saylovga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro andozalarga moslashtirishdan iborat.

Biroq, deputatlar qayd etganidek, ayni kunlarda fuqarolarning saylovga oid huquqlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama etilmoqda. Saylov kodeksi qabul qilinadigan boʻlsa, deputatlar taklif etayotgan qonun loyihasi bilan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilayotgan bir nechta qonun tabiiy ravishda oʻz kuchini yoʻqotadi. Ayni asoslarga koʻra, deputatlar fikricha, mazkur qonun loyihasida koʻzda tutilgan normalarni alohida loyiha tarzida emas, balki Saylov kodeksida aks ettirish maqsadga muvofiq. Shu munosabat bilan mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan rad etildi.

Majlis kun tartibidagi navbatdagi masala — “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakatimiz Prezidentining 2018-yil 2-apreldagi “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan dasturning 2-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida kiritildi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, bugungi kunda qurilish-montaj ishlarini bajarayotgan fuqarolarga nisbatan shaharsozlik sohasida yoʻl qoʻygan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik masalasi belgilanmagan. Natijada qurilish sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni keskin oshib bormoqda. Mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadi huquqbuzar fuqarolarga nisbatan tegishli javobgarlikni belgilash, fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda yoʻl qoʻyilayotgan huquqbuzarlikning oldini olish hisoblanadi. Shu munosabat bilan kodeksning 99-modda hamda 160-moddalariga fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllash hamda kuchaytirishni nazarda tutuvchi normalar kiritish taklif etilmoqda.

Lekin majlisda qizgʻin muhokama etilgan ushbu qonun loyihasida bir qancha bahsli normalar mavjudligi deputatlarda koʻplab savollar tugʻdirdi. Shu munosabat bilan loyiha har tomonlama puxta ishlash maqsadida majlis kun tartibidan chiqarildi.

Majlis davomida “Mening fikrim” veb-portali orqali kelib tushgan “Vaqt oʻtishini teskari hisoblovchi svetoforlarni oʻrnatish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida”gi elektron jamoaviy murojaatni koʻrib chiqish natijalari haqidagi masala ham koʻrib chiqildi.

“Mening fikrim” veb-portali orqali yoʻllangan “Tuman va shaharlarimiz koʻchalarida vaqt oʻtishini teskari hisoblovchi svetoforlarni oʻrnatish toʻgʻrisida”gi elektron jamoaviy murojaatda koʻchalarimizda oʻrnatilgan amaldagi svetoforlarni vaqt oʻtishini teskari hisoblovchi indikatorlar bilan jihozlangan transport va piyodalar svetoforlariga bosqichma-bosqich almashtirish haqidagi taklif bayon etilgan. 10 mingdan ziyod ovoz toʻplagan ushbu murojaat parlament Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan majlis muhokamasiga kiritilib, atroflicha tahlil qilindi hamda Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlarimiz koʻchalarida shunday svetoforlarni bosqichma-bosqich oʻrnatish masalasini koʻrib chiqish tavsiya etilgan qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda Sogʻliqni saqlash va Moliya vazirliklariga yuborilgan parlament soʻrovlari natijalari ham koʻrib chiqildi.

Qarshi shahar tugʻruq kompleksiga viloyat tugʻruq kompleksi maqomini berish va uni viloyat byudjetidan moliyalashtirish boʻyicha 3-mart kuni Qashqadaryo viloyati hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu qarorda Qarshi shahrida viloyat miqyosidagi tugʻruqlarni qabul qiluvchi tugʻruq kompleksiga aylantirish koʻzda tutilgan. Biroq mazkur muassasa sogʻliqni saqlash organlari tashkiliy tuzilmasida mavjud emasligi, uni tashkil etish asossiz ekanligi, unga yuridik maqom berish maqsadga muvofiq emasligi, moliyalashtirish viloyat byudjetidan amalga oshirilmayotgani aniqlangan.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligiga 2018 yil 30 avgustda parlament soʻrovi yuborilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida vazirlikdan javob kelgan, biroq unda masala oʻz yechimini topmagani bois yoʻllangan javob deputatlarni qoniqtirmadi va qayta soʻrov yuborildi.

Natijada kuni kecha olingan javob xatida viloyat hokimining shu yil 15 oktyabrdagi “Viloyatda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori qabul qilingani, 2018-yil 3-martdagi qarori esa, bekor qilingani bildirilgan. Shu asnoda Qashqadaryo viloyat tugʻruq kompleksi Qarshi shahar tugʻruq kompleksiga aylantirilib, faoliyati tiklangan. Yaʼni, mazkur masala qonuniy yechim topgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan lozim darajada taʼminlanmagani, 2018 yil 1 iyul holatiga tibbiyot markazining yetkazib beruvchi tashkilotlar oldidagi kreditor qarzdorligi 263 million soʻmni tashkil etgani, bu esa bemorlarga tegishli tibbiy xizmat koʻrsatishda oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatayotgani holati boʻyicha Moliya vazirligiga yuborilgan parlament soʻroviga ham javob olindi. Unga koʻra, joriy yilning 12 sentyabrigacha boʻlgan muddatda qarzdorliklar moliya organlari tomonidan toʻliq qoplab berilgan. Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot muassasasi bugungi kunda dori-darmon bilan taʼminlangan.

Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Поделиться