O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jasur Matchanov MOQda FINA Prezidenti bilan yurtimizda suv sport turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

2018-10-24 | Sport

Poytaxtimizda suv polosi boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati boshlandi. Ushbu nufuzli musobaqaga bir qator martabali mehmonlar tashrif buyurishgan. Jumladan Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) Prezidenti Xulio Sezar Maglione, Osiyo suzish federatsiyasi Bosh kotibi Taxa Sulaymon Al-Kishri kabi mutasaddilar ayni paytda Toshkent shahrida boʻlib turishibdi.

Qayd etish lozimki, endi Olimpiya oʻyinlarida suv sporti turlari boʻyicha eng koʻp medallar jamlanmasi oʻynaladi. Tashkilot Olimpiya oʻyinlari dasturidagi medallar jamlanmasi soni boʻyicha Tokio 2020 oʻyinlarida yengil atletikani ham ortda qoldirdi. Shu sababdan ham suv sporti turlarini rivojlantirishga bundan buyon alohida eʼtibor qaratiladi.

Bugun, 24 oktyabr kuni mehmonlar Milliy olimpiya qoʻmitasiga ham tashrif buyurishdi. Ularni Bosh kotib Jasur Matchanov kutib oldi. Tomonlar uchrashuv davomida bir qator masalalar yuzasidan muzokara olib borishdi, fikr almashishdi.

“Oʻzbekiston Osiyoning kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Yurtingizda suv sporti turlari bilan shugʻullanish uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan”, – deb soʻz boshladi janob Maglione.

Oʻz navbatida Jasur Matchanov ham yurtimizda nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilish tajribasi mavjud ekanligi, kelajakda bundan ham yirikroq musobaqalarni oʻtkazish rejada bor ekanligi haqida gapirdi.

“Yurtimizda suv sporti turlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kelajakda bundan ham nufuzli musobaqalarni oʻtkazishni rejalashtiryapmiz. Oldimizda turgan suv polosi boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatini ham yuqori saviyada oʻtkazishga harakat qilamiz. Oʻzbekistonda suzish ommaviyligini koʻtarishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Strategik reja asosida suv sportini ham rivojlantiramiz va Olimpiya oʻyinlarida ham medal qoʻlga kiritmoqchimiz”, – dedi Jasur Matchanov.

Shuningdek, MOQ Bosh kotibi uchrashuv davomida mamlakatimizga malakali murabbiylar, suzish boʻyicha jahon yulduzlarini taklif etish, ular ishtirokida seminar, master-klasslar tashkil qilish masalasiga eʼtibor qaratdi. Mamlakatimizda sport rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi. Xalqaro suzish federatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, Oʻzbekiston kelajakda nafaqat Osiyoda, balki jahon miqyosida ham yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishiga umid qilayotganini aytib oʻtdi. Oʻz oʻrnida FINA rahbari Xulio Sezar yurtimizga suzish boʻyicha yetakchi mutaxassislarni yuborishini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida Jasur Matchanov anʼanaga muvofiq Milliy olimpiya qoʻmitasi nomidan martabali mehmonlarga esdalik sovgʻasini taqdim etdi.

Soʻngra mutasaddilar Milliy olimpiya qoʻmitasi muzeyini tomosha qilishdi va Xulio Maglione mehmonlar kitobiga oʻz dil izhorlarini, samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.

Поделиться