O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat bojxona qoʻmitasi investorlar bilan muloqotga har doim tayyor
2018-10-24 | Jamiyat
Bojxona xizmatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda, tadbirkorlik subyektlari, xususan mahalliy va xorijiy investorlar talablarini oʻrgangan holda isloh qilish Davlat bojxona qoʻmitasi oldida turgan dolzarb vazifa hisoblanadi.
Mazkur yoʻnalishda ishlarni jadallashtirish, Oʻzbekiston Respublikasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratishda bojxona tizimida mavjud muammolarni oʻrganish va ularni bartaraf qilish maqsadida, Davlat bojxona qoʻmitasining mutaxassislari mahalliy va xorijiy investorlar ishtirokidagi tadbirlarda muntazam qatnashmoqdalar.
Mazkur tadbirlar doirasida bildirilgan fikrlar bojxona xizmati faoliyatining rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Davlat bojxona qoʻmitasida tizimli islohotlarni, avvalambor fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari talablariga hamohang ravishda amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayni shu maqsaddajoriy yilning 17-18-oktabr kunlari AQSH Xalqaro taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tashkil qilingan “Savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” mavzusidagi VIII Oʻrta Osiyo savdo forumida Davlat bojxona qoʻmitasining mutaxassislari ishtirok etdilar.
Savdo forumi doirasida “Investitsiyalarni jalb qilishda intellektual mulkni himoya qilish masalalari” mavzusidagi guruh yigʻilishida, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiyotiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirishda intellektual mulkni himoya qilish, xususan davlat bojxona chegarasida kontrafakt mahsulotlar kirib kelishini oldini olish masalasi muhokama qilindi.
Guruh yigʻilishida ishtirok etgan mahalliy va xorijiy investorlar, turli ishbilarmon doira vakillari, Oʻzbekistonda intellektual mulkni himoya qilishda bojxona organlarining oʻrni xususida fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Muhokama jarayonida davlat bojxona qoʻmitasi tizimida amalga oshirilayotgan ijobiy va salmoqli islohotlar alohida diqqatga sazovorligi taʼkidlandi.
Guruh yigʻilishi yakunlari boʻyicha intellektual mulkni himoya qilishda bojxona organlarining rolini oshirish boʻyicha quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
1.Kontrafakt mahsulotlarni bojxona chegarasining oʻzida aniqlash va bojxona xizmati xodimlarining faoliyatiga koʻmaklashish maqsadida, qonun doirasida tovarlarning kontrafaktligini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish;
2.Bojxona xizmati xodimlarini tovarlarning kontrafakt xususiyatdaligini aniqlash boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida mutaxassilar ishtirokida seminar-treninglar tashkil qilish;
3.Xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, intellektual mulk huquqlarini buzish uchun javobgarlik meʼyorlarini oshirish, ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun milliy qonunchiligimizda jinoiy javobgarlik choralari belgilash;
4.Kontrafakt mahsulotlarni bojxona chegarasining oʻzida aniqlash maqsadida, ushbu mahsulotlarning qalbakilik xususiyatlarini tasdiqlovchi xulosa taqdim qiladigan masʼul organni belgilash.
Davlat bojxona qoʻmitasi mutaxassislari savdo forumi ishtirokchilariga bildirilgan takliflar uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Biz bojxona organlari faoliyatini takomillashtirish yoʻnalishida amalga oshirayotgan islohotlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari fikrlariga tayanishini har doim taʼkidlaymiz. Shu maqsadda, Davlat bojxona qoʻmitasi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan muloqotga har doim tayyorligini maʼlum qiladi va mazkur yoʻnalishda takliflarni kutib qoladi.