O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning qo‘shma Bayonoti
2018-10-19 | Hujjatlar
(Toshkent, 2018-yil 18-19-oktabr)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin 2018 yilning 18-19 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ldi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Rossiya muzokaralari ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari va strategik sheriklikning yuqori darajasini aks ettiradigan an’anaviy ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng qamrovli masalalarini muhokama qilib, uni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Tomonlar 2004 yil 16 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida Bitim, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida Shartnoma va 2012 yil 4 iyunda imzolangan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Deklaratsiya asosida munosabatlarni chuqurlashtirishga intilishlarini tasdiqladilar. Davlat rahbarlari barcha darajalarda muloqot va aloqalarning faollashuvi natijasida O‘zbekiston va Rossiya davlatlararo hamkorligining sifat jihatdan yangi bosqichi boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin ikki davlatning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion-texnologik hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning dolzarbligini ta’kidladilar. Shu munosabat bilan, 2018 yil 7 sentyabrda 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya ishining samaradorligini qayd etgan holda, davlat rahbarlari mazkur yo‘nalish bo‘yicha faoliyatga yangi kuchli turtki berishga qaror qildilar. Bu maqsadda prezidentlar O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasida qo‘shma komissiya tuzishga kelishib oldilar, unga ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmini yanada oshirish, o‘zaro eksport-import operatsiyalari, xususan, yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarni yetkazib berishni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ikki tomonlama savdoda o‘zaro manfaatli asoslarda bojxona va u bilan bog‘liq bo‘lmagan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish topshiriladi.
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari olib kiriladigan tovarlarga aksizlarni kamaytirish, tovarlarni yetkazib berishda qator notarif to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilayotgan choralar ikki mamlakat o‘rtasidagi imtiyozli munosabatlarning aniq amaliy ifodasi degan umumiy fikrga keldilar. Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 2018 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya tovar aylanmasi hajmini 5 milliard AQSh dollariga yetkazishga oid prognozini e’tiborga oldilar. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya savdo-iqtisodiy munosabatlarining salohiyatidan to‘la-to‘kis foydalanilmaganligi qayd etildi. Ikki davlatning tegishli organ va tashkilotlariga o‘zaro tovar aylanmasini ko‘paytirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturida belgilangan maqsadlarga erishish bunga ko‘maklashadi.
Rossiya tomoni O‘zbekistonda investitsiyaviy iqlimni yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlari qabul qilinganligini mamnuniyat bilan qarshi oldi hamda bu yo‘nalishdagi keyingi qadamlar ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni chuqurlashtirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, O‘zbekiston korxonalarida Rossiyaning eng yangi texnologiyalari va ilmiy ishlanmalarini joriy etishni rag‘batlantirishiga ishonch bildirdi. Tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida O‘zbekiston-Rossiya va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlari va ikki davlatning savdo-sanoat palatalari faoliyatiga ko‘maklashishga kelishib oldilar.
Davlat rahbarlari tashrif doirasida imzolangan hujjatlarda nazarda tutilgan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi kelishuvlarning umumiy hajmi 25 milliard AQSh dollarini tashkil etganligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari ham ikki tomonlama asosda, ham ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida moliya-bank sohasida hamkorlik istiqbollarini ta’kidladilar. Tomonlar budjetni prognozlashtirish, bojxona va soliq qonunchiligini takomillashtirish sohalarida tajriba almashishga alohida ahamiyat beradilar. Ikki davlat prezidentlari o‘zaro hisob-kitoblarda tadbirkorlik uchun talabgir valyutalardan foydalanishni, shuningdek, banklararo hamkorlikni, xususan, iqtisodiyotning real sektorida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda kengaytirishga intilishlarini e’tirof etdilar.
Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin ikki davlat mintaqalari o‘rtasida yangi sermahsul va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida mintaqalararo hamkorlikning birinchi forumi faoliyatini ochib berdilar. Prezidentlar sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish, kichik va o‘rta tadbirkorlik vakillari o‘rtasida ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda ularning O‘zbekiston va Rossiyada o‘tkaziladigan konferensiya va ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ikki davlat mintaqalari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini e’tirof etdilar. Tomonlar ikki davlat mintaqalarida O‘zbekiston-Rossiya savdo uylari tashkil etilganligini olqishladilar. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Rossiya savdo-iqtisodiy hamkorligining barcha jabhalari uchun mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, forum doirasida 100 dan ortiq loyihalar bo‘yicha qiymati 2 milliard AQSh dollari atrofida bo‘lgan hujjatlar imzolanganligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Prezidentlar qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining hamda ikki davlat agrosanoat komplekslari yo‘nalishi bo‘yicha aloqalarni tubdan rivojlantirishning ustuvor ahamiyatini ta’kidladilar.
Tomonlar O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazib berish bo‘yicha «yashil yo‘lak» tashkil etish va uning faoliyat yuritishi natijasida olingan ijobiy tajribani O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining boshqa bir qator mahsulotlariga nisbatan ham qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolanganligi hamda mazkur atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish va uni ilg‘or ilmiy-texnologik taraqqiyot bosqichiga chiqarish uchun keng istiqbollar ochadi. Mazkur loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Tomonlar O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash va o‘qitish sohasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin energetika quvvatini kuchaytirish va elektr energiyasi sohasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama asosda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar O‘zbekistonning ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashishini tasdiqladilar.
Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin transport sohasida ikki tomonlama hamkorlikka, shu jumladan, tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta’minlaydigan tranzit yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish masalalariga ustuvor ahamiyat beradilar.
O‘zbekiston va Rossiya aloqa operatorlari salohiyatidan maksimal darajada foydalanilgan holda aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar sohasida konstruktiv hamkorlik davom ettiriladi.
Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda media sohasining o‘rnini alohida ta’kidladilar va mazkur sohada hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.
Davlat rahbarlari innovatsion ishlanma va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilishning muhim omillaridan biri hisoblanadigan birgalikdagi kosmik faoliyatni tartibga soluvchi ikki tomonlama bitimni tez fursatlarda tuzish zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar.
Prezidentlar ikki va ko‘p tomonlama ilmiy-texnikaviy hamkorlikning yangi istiqbollarini ochadigan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida «Suffa» xalqaro radioastronomik observatoriyasini yaratish to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.
Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin turizmni rivojlantirish, ikki davlatning yetakchi ta’lim, ilmiy, tibbiyot markazlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish, madaniyat va sport sohasidagi almashinuvlarni jadallashtirishda o‘z aksini topadigan madaniy-gumanitar va ijtimoiy sohalarda O‘zbekiston-Rossiya aloqalarini kengaytirishning izchil tendensiyasini qayd etdilar. Tashrif davomida imzolangan 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar sohada hukumatlararo hamkorlik Dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar Rejasi O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Prezidentlar O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotini yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy kadrlar bilan ta’minlash maqsadida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim bo‘yicha ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi to‘g‘risidagi Bitimning ahamiyatini yuqori baholadilar. Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasida Rossiyaning yetakchi ta’lim muassasalarining filiallari tarmog‘ini kengaytirish O‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirishda muhim omil hisoblanishini ta’kidladilar.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning yuqori sur’atlarda rivojlanishi fuqarolarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, hayot sifati va davomiyligini oshirishga yo‘naltirilgan milliy strategiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlaydilar. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston va Rossiya tibbiyot tashkilotlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirishga katta ahamiyat beriladi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida istiqomat qiladigan tegishincha rus va o‘zbek jamiyatlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashadilar, ularning ona tili, milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishga yordam ko‘rsatadilar hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarining himoyasini ta’minlaydilar.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risidagi Bitimni hayotga tadbiq etish bo‘yicha ishlarni faollashtirishga, migratsiya sohasida hamkorlikning xalqaro tan olingan shakllarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashishga kelishib oldilar.
Tomonlar jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikning faollashuvini, shu jumladan, sportning milliy turlarini rivojlantirish bo‘yicha faoliyatni olqishladilar.
Prezidentlar harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda, xavfsizlikni ta’minlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatlarini tasdiqladilar. Ular 2016 yil 29 noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida Shartnoma, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida 2018 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik Rejasini amalga oshirish holatini ijobiy baholadilar.
Davlat rahbarlari ham ikki tomonlama asosda, ham ko‘p tomonlama formatda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish niyatlarini bildirdilar.
Prezidentlar o‘zaro ishonch va bir-birlarining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan sheriklik munosabatlarini kengaytirish Markaziy Osiyoda xavfsizlikka yangi tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarni birgalikda hal etishga ko‘maklashishini ta’kidladilar.
Muzokaralar davomida eng dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin mintaqaviy va global kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha pozitsiyalarining mos kelishi yoki yaqinligini qayd etdilar. Prezidentlar xalqaro xavfsizlik sohasidagi vaziyatdan xavotirda ekanliklarini bildirdilar hamda barcha davlatlar tomonidan teng va bo‘linmas xavfsizlik tamoyiliga tayangan holda global va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilishi tarafdori ekanliklarini e’tirof etdilar.
Tomonlar davlatlarning teng huquqli hamkorligiga, ular tarafidan barcha uchun yagona bo‘lgan qoida va me’yorlarga rioya etilishiga hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning jahon siyosatini tartibga solish va muvofiqlashtirish markazi sifatidagi qat’iy rolining tan olinishiga asoslangan yanada adolatli politsentrik xalqaro tartibning o‘rnatilishi barcha davlatlar manfaatlariga javob berishini qayd etdilar. Shundan kelib chiqqan holda, Tomonlar xalqaro huquq normalari, eng avvalo, BMT Nizomining asosiy maqsad va tamoyillariga rioya etish asosida o‘z tashqi siyosatlarini amalga oshiradilar.
Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin global va mintaqaviy tashkilotlar va birlashmalar, shu jumladan, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi doirasida ikki davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlikni davom ettirish va Tomonlar o‘rtasidagi hamjihatlikni muvofiqlashtirishda qat’iy ekanliklarini e’tirof etdilar.
Prezidentlar xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun kosmik fazoda qurollanish poygasini bartaraf etishga qaratilgan tezkor amaliy choralar o‘ta muhim ekanligini qayd etdilar. Ular bunday choralardan eng samaralisi fazoda qurollarni joylashtirmaslik bo‘yicha ishonchli kafolatni ta’minlaydigan yuridik jihatdan majburiy bo‘lgan ko‘p tomonlama hujjatni ishlab chiqish ekanligini ta’kidladilar. Bunday bitim tuzilguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi kosmik fazoni har qanday turdagi qurollardan holi saqlashga, fazoda birinchi bo‘lib qurollarni joylashtirmaslik siyosatini izchil amalga oshirish orqali fazodan tinch maqsadlarda foydalanish va uni tadqiq qilishga har tomonlama ko‘maklashadilar. Prezidentlar boshqa davlatlarni, birinchi navbatda, kosmik salohiyatga ega bo‘lgan mamlakatlarni fazoda birinchi bo‘lib qurollarni joylashtirmaslik bo‘yicha siyosiy majburiyatga sodiq ekanliklarini tegishli tarzda bildirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqirdilar.
Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin ikki davlat 1993 yilda qabul qilingan Kimyoviy qurollarni yaratish, ishlab chiqarish, to‘plash va qo‘llashni taqiqlash hamda uni yo‘q qilib tashlash to‘g‘risidagi Konvensiyaning yaxlitligini saqlashga, Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha tashkilotning birligi va siyosiylashmagan faoliyat asosiga sodiq ekanligini bildirdilar.
Davlat rahbarlari BMT va uning Xavfsizlik kengashining markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayangan holda, BMT Nizomi hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari asosida terrorizmga, shu jumladan, uni moliyalashtirishga, xorijiy terrorchi-jangarilarning faoliyatiga, terroristik mafkura va targ‘ibotga qarshi kurashish bo‘yicha jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirdilar. Prezidentlar terroristik va ekstremistik tashkilotlardan, shuningdek, terrorizm va ekstremizm bilan kurashish muammosidan suveren davlatlarning ishlariga ularning barqarorligiga putur yetkazadigan tarzda aralashish maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston va Rossiya terrorizm, giyohvandlik vositalarini noqonuniy ishlab chiqarish va ular bilan noqonuniy muomalada bo‘lish, korrupsiya va transmilliy uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashda ham ikki tomonlama darajada, ham global va mintaqaviy tashkilotlar, eng avvalo, BMT, ShHT va MDH doirasida hamkorlikni rivojlantirishda qat’iy ekanliklarini tasdiqladilar. Tomonlar tegishli maxsus tuzilmalardagi hamkorlikni muvofiqlashtirish tarafdori ekanliklarini ta’kidladilar.
Tomonlar Afg‘oniston Islom Respublikasida tinch qayta tiklanish jarayoni faqatgina afg‘onlar boshchiligida va afg‘onlarning o‘zlari tomonidan amalga oshirilishi lozim deya ishonch bildirdilar. Rossiya tomoni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasiga muvofiq Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish, Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash va mazkur davlatni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining tashabbuslarini hamda O‘zbekiston amalga oshirayotgan muhim qadamlarni mamnuniyat bilan qarshi oldi. O‘zbekiston tomoni Rossiya Federatsiyasi tashabbusi bilan Afg‘onistonda tinch muloqotni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish uchun maydon sifatida tashkil etilgan Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarning Moskva formatini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston va Rossiya «ShHT - Afg‘oniston» aloqa guruhi doirasida birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi ijobiy tendensiyalarni qayd etdilar. Ular so‘nggi paytlarda mintaqada davlatlararo chegaralarni huquqiy rasmiylashtirishda erishilgan sezilarli progress, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va konsensus asosida suv va energetika resurslariga oid masalalarni konstruktiv hal etish bo‘yicha amaliy harakatlar mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining izchil taraqqiyoti va investitsiyaviy jozibadorligi uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishini tasdiqladilar.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini e’tiborga olib, davlat rahbarlari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda Markaziy Osiyoda suvdan foydalanishning o‘zaro manfaatli va adolatli tizimini yaratishga sodiq ekanliklarini ta’kidladilar hamda Orolni qutqarish xalqaro fondining ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni hal etishga salmoqli hissa qo‘shadigan tuzilma sifatidagi yuksak salohiyatini qayd etdilar.
Davlat rahbarlari bo‘lib o‘tgan tashrif, qizg‘in muzokaralar va imzolangan ko‘p sonli hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona birodarlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida yana bir bosqichni ochib berishiga ishonch bildirdilar.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevga va butun O‘zbekiston xalqiga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi hamda Sh.M.Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘lishga taklif qildi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin
Toshkent sh., 2018-yil 19-oktabr