O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qurolli Kuchlarni rivojlantirish yoʻlida umumiy maqsadlar sari
2018-10-18 | Jamiyat
Oʻzbekiston xorijiy davlatlar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, Rossiya Federatsiyasi bilan aloqalar doirasi yil sayin kengaymoqda. Boshqa yoʻnalishlar qatorida ikki mamlakatning harbiy sohadagi hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2000-yildan boshlab, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida harbiy sohadagi hamkorlik mudofaa mahkamalari oʻrtasida har yili imzolanadigan harbiy hamkorlik rejasi asosida amalga oshiriladi. Ushbu reja doirasida tomonlar tezkor va jangovar tayyorgarlik, harbiy kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, havo kemalari harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini taʼminlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda koʻplab tadbirlarni tashkil etib kelmoqda. Oʻtgan davr mobaynida ikki mamlakat hududida 300 ga yaqin qoʻshma tadbirlar oʻtkazilgani buning tasdigʻidir.
Ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikning mustahkam normativ-huquqiy bazasi yaratilgan.
Soʻnggi ikki yil harbiylarimiz uchun hamkorlikning eng faol davri boʻldi. 2017-yil oktyabrda Jizzax viloyatidagi “Forish” togʻ-dala oʻquv maydonida Oʻzbekiston va Rossiya qurolli kuchlari boʻlinmalarining qoʻshma mashgʻuloti oʻtkazildi. Poligonda bundan oldingi mashqlar 2005-yilda tashkil etilgan edi. Oʻn ikki yillik tanaffusdan keyingi mashgʻulotda ikki mamlakatdan 400 nafarga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Harbiylar shartli terrorchilar guruhini qidirib topish va yoʻq qilish, shuningdek, murakkab togʻli hududlarda maxsus operatsiyalarni oʻtkazish boʻyicha oʻzaro tajriba almashdi.
2017-yilning oʻzida yana ikkita diqqatga sazovor hodisa roʻy berdi. Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi qoshida harbiy attashe lavozimi joriy etildi. Toshkentda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan Oʻzbekiston – Rossiya maslahatlashuvlarining 5-bosqichi boʻlib oʻtdi.
2018-yil 21-may kuni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshchiligidagi harbiy delegatsiya rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Oʻzbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan muzokaralarda mudofaa sohasidagi hamkorlik va uning istiqbollari muhokama qilinib, harbiy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yil 12-oktyabr kuni Oʻzbekiston va Rossiya mudofaa idoralari rahbarlari yana bir bor Toshkentda uchrashdi. Bu safargi muzokarada Oʻzbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari tomonidan 2019 yilgi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi qabul qilinib, harbiy-havo kemalari tomonidan ikki mamlakat havo kengliklaridan foydalanish boʻyicha kelishuvga erishildi.