O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda Xalqaro Standartlashtirish kuniga bagʻishlab seminar tashkil etildi
2018-10-17 | Jamiyat
Xalqaro standartlashtirish kuni munosabati bilan “Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazi“ hamda Andijon mashinasozlik institutining “Standartlashtirish, metrologiya va sifat tizimlari“ kafedrasi hamkorligida “Xalqaro standartlar va mashinasozlik sanoatining rivojlanishi“ mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi.
Ushbu ilmiy-amaliy seminarda viloyatdagi ishlab chiqarish va eksportyor korxonalarning vakillari, Andijon mashinasozlik institutining soha yoʻnalishidagi kafedrasining oʻqituvchilari va talabalari, magistrantlari, mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari va Andijon standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda “Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazi“ davlat korxonasi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti – bu butun jahon mamlakatlari uchun umumiy boʻlgan (xalqaro) standartlarni ishlab chiqish hamda standartlashtirish sohasida jahon miqyosida hamkorlik qilish bilan shugʻullanadigan tashkilot boʻlib, 1947 yili Jeneva shahrida tashkil qilingan. ISO tarkibiga kiruvchi milliy standartlashtirish tashkilotlar aʼzolari soni 162 tani tashkil etib, “Oʻzstandart” agentligi Xalqaro standartlashtirish tashkilotiga 1994 yili aʼzo boʻlganligi haqida aytib oʻtildi.
Oʻtkazilgan seminar davomida markaz va boshqarma mutaxassislari, institutning professor oʻqituvchilari hamda talabalarining seminar mavzusi yuzasidan taqdimot shaklidagi maʼruzalari eshitildi.