O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi Xalqaro innovatsiya markazi tuziladi
2018-10-17 | Ekologiya
Ayni kunlarda Samarqandda boʻlib oʻtayotgan “Orol dengizi basseynida turgʻun boshqaruv va ijtimoiy barqarorlikni ilgari surish uchun innovatsion yondoshuvlar” mavzusidagi Xalqaro forumining ilk kuni oʻz ishini boshladi.
Innovatsion Rivojlantirish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalqaro Orolboʻyi innovatsiya markazi hamda Orolboʻyida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etilganini tantanali eʼlon qildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Qurgʻoqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) direktori Ismaxon Eluafi oʻrtasida hamjihatlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi.
Hujjatda Oʻzbekistonda Orolboʻyi innovatsiya markazini tashkil etish koʻzda tutilgan. Markaz Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida joylashib, qurgʻoqchilik sharoitida tadqiqotlar, texnologiyalar transferi va taʼlim sohasidagi ilgʻor innovatsiya markaziga aylanadi. Xalqaro innovatsion markaz Orol dengizining qurib qolgan tubidagi shoʻralagan tuproqli yerlarda ekotizimni va barqaror tirik hayotni rivojlantirish, shoʻrlagan tuproqli muhitda turli muammolarni hal etish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish,innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni, jumladan, agrooʻrmon melioratsiyasi, sahroni daraxtzorga aylantirish, suv osti ekinlari, bioenergetika, ekinlar diversifikatsiyasi, ekinlar kompleksini yetishtirish, chorvachilik, yaylovlarni rivojlantirish, qurgʻoqchilikni boshqarish va uning oqibatlarini yumshatish, Orol qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orol dengizi havzasining ekologik sogʻlomlashtirish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish kabi vazifalarni oʻz oldiga qoʻydi.
ICBA Markazning texnik-iqtisodiy asoslashni qoʻllab-quvvatlash jarayonini boshqaradi. Orolboʻyida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Qurgʻoqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA), Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalariga koʻra ajratiladigan mablagʻlar, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki tomonidan loyihalarni moliyalashtirishga ajratiladigan mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmagan shaxslarning xayriya mablagʻlari hisobidan shakllantirilishi kutilmoqda.