O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda qiyin ahvolda qolgan fuqarolarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlarni boshladi
2018-10-15 | Jamiyat
Yurtdoshlarimizning 71 kishidan iborat birinchi guruhi Moskvadan Toshkentga 12-oktabr kuni 16:55 va 22:35 da “O‘zbekiston Havo Yo‘llari” qatnovi bilan yetib keldi. Ularni aeroportda qarindoshlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakillari kutib olishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ 3839-sonli qarori bilan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi.
Jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davomida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘larsiz qolgan, og‘ir moddiy ahvolga uchragan fuqarolarga huquqiy va ijtimoiy himoya, shuningdek, moddiy yordam ko‘rsatish hisoblanadi.
2018-yil 5-8-sentabr Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining 19-kengashida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi hududiy organlarining Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridagi taxminan 1500 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarishga ko‘maklashish haqida kelishuvga erishilgan edi.
Ta'kidlangan toifadagi shaxslar – bu og‘ir moddiy qiyinchilikka uchragan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga va yashash uchun mablag‘ga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.
Ta'kidlangan toifadagi shaxslarni qaytarish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.